Ammo soʻnggi paytlarda odamlar orasida shakar oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ozishga yordam beradi, sogʻlik uchun ham xavfsiz, degan qarash paydo boʻldi. Xoʻsh, bu qanchalik haqiqatga mos?
Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Nozimaxon Nazarovadan ushbu savollarga javob berdi.
Bilamizki, kunlik shakar isteʼmoli meʼyori 25-30 grammga teng, — deydi mutaxassis. — Bundan ortigʻi semirish va xavfli kasalliklar rivojlanishiga olib keladi. Shu sababli baʼzilar shakar oʻrnini bosuvchi sunʼiy qoʻshimchalardan foydalanish xavfsiz, deb oʻylaydi.
Aslida, oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklarga shirin taʼm bagʻishlashda qoʻllaniladigan saxarin, aspartam, kaliy atsesulfam, sukraloza, neotam, advantam, steviya va uning hosilalari dastlab tana vaznini kamaytirsa-da, ammo ushbu jarayon uzoq davom etmaydi.
Aksincha, bunday mahsulotlarning odatiy isteʼmoli bora-bora semirishga olib keladi. Oqibatda insonlarda 2-toifa qandli diabet rivojlanish xavfi oshadi.
Chunki shakar oʻrnini bosuvchi moddalar shunchaki tanani “aldash”ga xizmat qiladi. Bu jarayonda ogʻiz boʻshligʻi va ichakdagi retseptorlar shirin taʼmni sezadi hamda oshqozon osti bezi refleksli ravishda avval odatlangan hajmda insulin ishlab chiqaradi.
Hosil boʻlgan insulin hatto oz miqdorda boʻlsa ham, qondagi glyukoza darajasini pasaytiradi va shu bilan ochlik hissi bosiladi. Ammo buni miya toʻliq his etmagani bois ishtaha oshadi. Oqibatda vazn ortishi jarayoni yuz beradi.
Oʻz navbatida, JSST tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, bunday moddalardan tez-tez foydalanuvchilarda yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish ehtimoli 32 foiz (jumladan, insult — 19 foiz, gipertoniya —13 foiz) yuqori. Oʻz navbatida, mazkur omil oʻlim xavfi 10 foiz ortishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, shakar oʻrnini bosuvchi sunʼiy moddalar ichak mikroflorasiga salbiy taʼsir koʻrsatib, disbakteriozni keltirib chiqaradi. Oqsillar, vitaminlar va mikroelementlarning organizmga soʻrilishiga toʻsiq boʻladi hamda immunitetni susaytiradi. Baʼzan bosh ogʻrigʻi, allergik reaksiyalarni ham yuzaga keltirishi mumkin.
Shu bois organizmning shakarga boʻlgan ehtiyojini meva-sabzavotlar va boshqa tabiiy mahsulotlar isteʼmoli orqali taʼminlashni tavsiya qilamiz.