Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining toʻrtinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Xavfsizlik 18 Avgust 2022 919

    Joriy yil 18-avgustda Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) raisligi doirasida SHHTga aʼzo davlatlar ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining toʻrtinchi Kengashi boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston tomoni raisligida oʻtgan kengashda SHHTga aʼzo davlatlarning ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirliklari rahbariyati va vakillari, shuningdek, SHHTning doimiy organlari ishtirok etdi. Tashkilot huzuridagi kuzatuvchi-davlatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan, INTERPOL, MDHga aʼzo davlatlar hududida uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish Byurosi, MDH aʼzo davlatlarning terrorizmga qarshi kurashish markazi vakillari yurtimiz mehmoni sifatida tashrif buyurdi.

    Samimiy va doʻstona ruhda oʻtgan kengash davomida delegatsiyalar rahbarlari xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik, hamkorlikni yanada rivojlantirish, terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish masalalari borasida oʻzaro fikr almashdilar. Shuningdek, SHHTga aʼzo davlatlarning saʼy-harakatlarini birlashtirish zarurligi toʻgʻrisida yuqori darajadagi oʻzaro kelishuvga erishildi.

    Xalqaro maydonda oʻsib borayotgan beqarorlik va notinchlikni hisobga olgan holda, ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirliklari yoʻnalishi boʻyicha SHHT doirasida hamkorlikni yanada faollashtirish masalasi ham kengashning kun tartibidan oʻrin oldi.

    Terrorizm, ekstremizm va separatizm, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasi kabi jinoyatlarga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, SHHT makonida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni saqlash ustuvor va dolzarb hisoblanishi qayd etildi. Vazirlar bir ovozdan “Shanxay ruhi” tamoyillariga muvofiq transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ochiq muloqot va amaliy hamkorlik muhimligini taʼkidlab oʻtdilar.

    Tomonlar SHHTga aʼzo davlatlar hukumatlari oʻrtasida jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni amalga oshirish zarurligini qayd etib, (Toshkent sh., 2010-yil 11-iyun), ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirliklarining oʻzaro hamkorligi orqali SHHTning kelishuv-huquqiy bazasini yanada takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratdilar.

    Tadbir ishtirokchilari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining SHHTga aʼzo davlatlar ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining toʻrtinchi Kengashiga puxta tayyorgarlik koʻrilganligini va yuqori tashkilotchilik darajasida oʻtganligini eʼtirof etdi, deb xabar beradi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

    Tadbir soʻngida Kengash bayonnomasi imzolandi.

    Umuman olganda, yigʻilish ishchanlik va konstruktiv ruhda, doʻstlik, oʻzaro ishonch muhitida oʻtgani, davlatlar oʻrtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.