Samarqanddagi SHHT sammiti arafasida akademik A.Saidov masʼul muharrirligidagi yangi nashr — “Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar konstitutsiyalari” kitobi chop etildi.
Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz tomonidan tayyorlangan mazkur toʻplam SHHTning rasmiy tillarida “Tasvir” nashriyotida yuqori sifatda qalin muqovada nashrdan chiqdi. Kitob sahifalaridan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar — Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Oʻzbekiston, Hindiston va Pokiston konstitutsiyalari oʻrin olgan.
Nashr SHHT miqyosida konstitutsionalizm rivojining barcha jabhalari bilan tanishish imkonini beradi. Toʻplamda qayd etilganidek, “SHHT — bu sivilizatsiyalararo muloqot va madaniy-ijtimoiy hamkorlikni mustahkamlash uchun istiqbolli maydon ekanini unutmaslik kerak”.
Mamlakatimizning SHHTga raisligi doirasida nashr etilgan “Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar konstitutsiyalari” kitobi ilmiy tadqiqotchilar, olimlar, davlat idoralari, ilmiy va taʼlim muassasalar mutaxassislari, talabalar va jahonda konstitutsionalizm taraqqiyoti masalalariga qiziquvchi keng aholi qatlami uchun kerakli va foydali manba boʻlishi shubhasiz.