Italiyaning “Askanews” yetakchi yangiliklar agentligi Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirovning oldinda turgan SHHT Samarqand sammitiga doir maqolasini oʻz oʻquvchilari oʻrtasida tarqatdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA. Maqolada Oʻzbekiston tomonidan tashkilot doirasida ilgari surilgan tashabbuslarning maqsad va mohiyati, mamlakatimizning SHHTga raisligi yakunlari hamda boʻlajak sammitdan kutilayotgan oʻzgarishlar ochib berilgan.
“Shubhasiz, Samarqand sammitining asosiy maqsadlaridan biri SHHT oilasini yanada kengaytirish masalasidir. Davlat rahbarlari kengashi doirasida SHHTga aʼzolik maqomini olish uchun Eron Islom Respublikasining majburiyatlari toʻgʻrisidagi memorandum imzolanishi kutilayapti. Bu oʻtgan yili Eronni toʻlaqonli aʼzo sifatida qabul qilish tartibini boshlash toʻgʻrisidagi qarorni amalga oshirishda muhim bosqich boʻladi”, deya maqoladan iqtibos keltiradi manba.
Shuningdek, maqolada SHHTning kuzatuvchi va muloqot boʻyicha sherik davlatlari aʼzoligini kengaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi, sammitda SHHT va qator xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha hujjatlar imzolanishi koʻzda tutilgani ham oʻquvchilarning eʼtiboriga havola qilingan.
“Yana bir qabul qilishga tayyorlanayotgan muhim hujjat bu – Shanxay hamkorlik tashkiloti aʼzo davlatlari oʻrtasida uzoq muddatli yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomani 2023-2027-yillarda amalga oshirish boʻyicha keng qamrovli rejadir. Ushbu strategik ahamiyatga ega hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va SHHTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlangan”, deb yozadi “Askanews”.
Yuqoridagilar bilan birga, mazkur Reja loyihasi tashkilot doirasida barcha sohalar boʻyicha amalga oshirilayotgan hamkorlik yoʻnalishlarini jalb qilgan va hozirgi kunda 120 ga yaqin tadbirlarni oʻz ichiga olgani, ayniqsa, asosiy urgʻu savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga karatilgani alohida taʼkidlangan. “Masalan, investitsiyalar, energetika, transport, logistika, sanoat kooperatsiyasi, axborot va telekommunikatsiyalar, qishloq xoʻjjaligi, bojxona va boshqa sohalardagi sheriklikni yanada mustahkamlash boʻyicha aniq tadbirlar va ularning bajarilishiga masʼul idoralar belgilangan”, deb yozadi yangiliklar agentligi.