Shanxayda Oʻzbekiston Bosh vaziri Xitoy Bosh vaziri bilan uchrashdi

    Joriy yilning 5-10-noyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay shahrida yettinchi Xitoy xalqaro import mahsulotlari koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi.

    Mazkur tadbirda faxriy mehmon maqomida ishtirok etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi mamlakatimiz hukumati delegatsiyasi bugun, 4-noyabr kuni Shanxayga tashrif buyurdi.

    Tashrif doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan bilan uchrashuv oʻtkazildi.

    Dastlab, Oʻzbekiston tomoni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga yoʻllagan samimiy salomini yetkazdi. Oʻz navbatida, Xitoy tomoni Si Szinpinning Davlatimiz rahbariga ezgu tilaklarini yetkazib qoʻyishni soʻradi.

    Xitoy Oʻzbekistonning ishonchli, vaqt sinovidan oʻtgan strategik hamkori ekani, ikki tomonlama aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani, munosabatlarning bugungi darajaga koʻtarilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin oʻrtasidagi ishonchli, samimiy va doʻstona munosabatlar asosiy omil boʻlayotgani taʼkidlandi.

    Uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojlanib borayotgani qayd etildi.

    Xususan, 2023-yilda savdo aylanmasi 14 mlrd dollarga yetdi. Davlatlar Rahbarlari hukumatlar zimmasiga uning hajmini 20 mlrd dollarga yetkazish vazifasini qoʻygan. Mazkur topshiriq ijrosini taʼminlashda barcha imkoniyatlar mavjudligi, buning uchun esa oʻzaro saʼy-harakatlari birlashtirish lozimligi bildirildi.

    Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, sanoat, infratuzilma, transport-logistika, “yashil” energetika, togʻ-kon sanoati, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, IT, taʼlim, turizm, hududlararo va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.

    Shanxayga tashrif doirasida Shanxay shahri Partiya qoʻmitasi kotibi Chen Szinin hamda “Henan investment Group”, “China Datang Group”, “Shanxi Tianhai Group” singari Xitoyning yirik kompaniyalari rahbariyati bilan ham uchrashuvlar oʻtkazildi.

    Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasining Xitoyga amaliy tashrifi davom etmoqda.