Shanxayda Oʻzbekistonning eksport va tranzit salohiyati taqdim etildi

    Biznes 14 Noyabr 2023 1275

    Shanxayda tashkil etilgan oltinchi “China International Import Expo-2023» xalqaro koʻrgazmasi doirasida “Bir makon, bir yoʻl: oʻzaro savdo munosabatlari” mavzusida forum boʻlib oʻtdi.

    Xitoy savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda ushbu mamlakatdagi qator yetakchi savdo, ishlab chiqaruvchi, logistika va sugʻurta kompaniyalari hamda Shanxay shahrida joylashgan xorijiy davlatlar konsulxonalari vakillari ishtirok etdi.

    Forum doirasida mamlakatimizning Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan respublikamiz eksport va tranzit salohiyati taqdim etildi. Shuningdek, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning joriy holati, ikki davlat hududlari oʻrtasida oʻrnatilgan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikning istiqbollari boʻyicha ishtirokchilarga maʼlumot berildi.

    Oʻz navbatida, savdo va investitsiyaviy hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash, transport masalalari boʻyicha oʻzaro fikr almashildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.