Tadbirda Oʻzbekiston elchisi A.Aqqulov, Buxoro viloyati hokimi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi, turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshligʻi S.Bobokalonov, Buxoro shahar hokimi oʻrinbosari M.Rahmatov, Sharja amirligi hukumat ishlari departamenti raisi Shayx Fahim Sulton Ol Qosimiy ishtirok etdi.
Muloqotda 2022-yil noyabr oyida Oʻzbekiston va Sharja savdo-sanoat palatalari oʻrtasida oʻtkazilgan uchrashuvda erishilgan kelashuvga binoan, oʻzbekistonlik tadbirkorlar delegatsiyasining joriy yil fevral oyida Sharja amirligiga safarini tashkil etish, Oʻzbekiston Tabiat resurslari vazirligi va Sharjaning yirik “Beeah group” kompaniyasi oʻrtasida muloqot oʻtkazish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar Buxoro va Sharja oʻrtasida aviaqatnovlarni tashkil etish, taʼlim, madaniyat va merosni asrash sohalaridagi hamkorlikni yoʻlga qoʻyish xususida fikr almashdi.
Sharja va Buxoro oʻrtasida birodarlik munosabatlarini oʻrnatish yuzasidan Shayx Fahim Sulton Ol Qosimiy boshchiligidagi delegatsiyaning 27-fevral – 2-mart kunlari Buxoro shahriga tashrifini tashkil etish boʻyicha kelishib olindi.