Sharof Boshbekov olamdan oʻtdi

    Tashvishli xabar 26 Yanvar 2022 5611

    Oʻzbek adabiyoti, dramaturgiyasi ogʻir judolikka uchradi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati”ordeni sohibi, taniqli dramaturg, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Sharof Boshbekov 2022-yilning 26-yanvar kuni olamdan oʻtdi.

    Sharof Boshbekov 1951-yil 4-yanvarda Samarqand viloyati Bulungʻur tumani Gʻubir qishlogʻida tugʻilgan. 1974-yili Toshkent teatr va rassomchilik sanʼati institutini tamomlagan. Oʻqishni tugatgach, Muqimiy nomidagi davlat musiqali teatri, Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida faoliyat koʻrsatgan. Shundan soʻng Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi (1983-1985), Oʻzbekiston Milliy davlat akademik drama teatrida (1986-1987) adabiy xodim boʻlib xizmat qildi.

    Sharof Boshbekov yozuvchilik ijodini 1980-yilda “Taqdir eshigi” nomli komediya bilan boshlagan. Shundan soʻng adibning birin-ketin yozilgan “G” varianti” (1981), “Gʻurur” (1982), “Jumboq” (1986) hikoyalari, “Tikansiz tipratikanlar”, “Musiqa sayyorasi”, “Tentak farishtalar”, “Tushov uzgan tulporlar” (1983) dramasi, “Eshik qoqqan kim?” (1987), “Eski shahar gavroshlari” (1998), “Temir xotin” (1989) kabi jiddiy komediyalari oʻzbek dramaturgiyasi xazinasini boyitdi. “Temir xotin” komediyasi nafaqat respublikamiz, balki boshqa mamlakatlar teatrlarida ham sahnaga qoʻyildi. Mazkur asar avval Respublika miqiyosida oʻtkazilgan teatr festivalida bosh sovrin – “Gran-pri”ni qoʻlga kiritdi, soʻngra Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida oʻtkazilgan teatr festivalining mutloq gʻolibi, deb topildi. Ushbu pyesa asosida badiiy film, operetta ishlandi. Asar 1989-yilda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Maqsud Shayxzoda nomidagi yillik mukofotiga loyiq topildi.

    Sharof Boshbekov ssenariysi asosida “Maʼruf va Sharif”, “Yuzsiz” (1993), “Tilla bola” (1994) kabi filmlar yaratildi. U “Masxaraboz” (1996), “Farhod va Shirin” filmlarida ham ssenariy muallifi, ham rejissyor sifatida ishtirok etdi. Uning ssenariysi asosida “Charxpalak” teleseriali suratga olingan. Bundan tashqari, “Tentak farishtalar” (1995), “Zoʻrdan zoʻr chiqsa” (1996) kabi sahna asarlari ham respublika teatrlarida muvaffaqiyatli namoyish etildi.

    Hajviy hikoyalari “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining “Yilning eng yaxshi hajviy asari” (1982) mukofotiga munosib koʻrilgan. “Mushtum” jurnalida eʼlon qilingan “Buyuk maqtanchoqlik”, “Buyuk qoʻrqoqlik”, “Buyuk baxtiyorlik” nomli publitsistik maqolalariga jurnalning “Yilning eng yaxshi publitsistik asari” (1992) mukofoti berilgan.

    Mustaqillik yillari “Oʻyin” (2002), “Doka roʻmolning qurishi” (2004) telefilm ssenariylarini yozdi, “Soʻqmoq” (2003), “Mehr va mauzer” (2007) kinoqissalarini yaratdi.

    “Eshik qoqqan kim boʻldi?” (1989), “Falakning gardishi” (2009), “Musofir boʻlmaguncha” (2009), “Tentak farishta” (2010), “Charxpalak” (2017), “Tanlangan asarlar” (“2021”) kabi toʻplamlari nashr etilgan.

    Adib drama va kinoqissalardan iborat “Tanlangan asralar” kitobi uchun 2021-yili Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Yilning eng yaxshi asari” tanlovi gʻolibi boʻldi.

    Sharof Boshbekov 1996-yili “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, 2001-yili “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi koʻp sonli aʼzolari va adabiyot muxlislari nomidan adibning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.