Sharof Rashidov tumani hokimi 10 ming dollar pora bilan qoʻlga tushdi

    Xavfsizlik 9 Iyul 2025 1112

    Shuningdek, Guliston shahar prokurori oʻrinbosari MCHJ rahbariga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllamaslik hamda keyinchalik ishni gumonlanuvchi foydasiga hal qilib berish evaziga pora olayotgan vaqtida ushlangan.

    Qayd etilishicha, Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumani hokimligining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha boʻlimi bosh mutaxassisi qurilish sohasida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbarining ishonchiga kirib, unga tuman hokimining tegishli qarori bilan “Tokchilik” MFY hududida umumiy oʻrta taʼlim maktabi binosini barpo etish uchun ajratilgan 1,7 gektar yer maydonida 8 ta koʻp qavatli uylar qurilishiga ruxsat olib berishi evaziga 30 ming AQSH dollari talab qiladi.

    Joriy yilning 5-iyul kuni bosh mutaxassis soʻralgan pul mablagʻidan 10 ming AQSH dollarini olib, tuman hokimiga beradi.

    8-iyul kuni esa tadbirkordan qolgan 20 ming AQSH dollarini ham oladi va unga koʻp qavatli uy qurish uchun hokim tomonidan ruxsat berilgan hujjatlarni taqdim etadi.

    Soʻngra bosh mutaxassis hokimiyat binosi oldida tuman rahbari bilan uchrashib, 10 ming AQSH dollarini bergan vaqtida Davlat havfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ularning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.

    Hozirda Sh.Rashidov tumani hokimi deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilinib, unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi bilan, bosh mutaxassisga esa Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Sirdaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa Guliston shahar prokurori oʻrinbosari oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, Boyovut tumanida qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbariga nisbatan Boyovut tumani IIB Tergov guruhi ish yurituvidagi Jinoyat Kodeksining 168- va 167-moddalari bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllamaslik hamda keyinchalik ishni gumonlanuvchi foydasiga hal qilib berish evaziga 10 ming AQSH dollari miqdorida pora soʻraydi.

    Davlat havfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda qonun himoyachisi talab qilingan pul mablagʻini oʻz xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Hozirda prokuror oʻrinbosariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 28,211-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Har ikki holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.