Joriy yil noyabr oyida atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludiga 105-yil toʻladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda XX asrda yashab oʻtgan buyuk davlat va jamoat arbobining hayot yoʻli va faoliyati chuqur oʻrganilmoqda.
2022-yil 26-aprel kuni Sharof Rashidovning Jizzax shahridagi haykali poyiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov, G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori akademik Qalandar Abdurahmonov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Oʻrol Oʻrozboyev va Jizzax shahar hokimi Komil Xolmurodov tomonidan gulchambarlar qoʻyildi.
Maʼlumki, Prezidentimizning 2017-yil 27-martda qabul qilingan “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100-yilligini nishonlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Jizzax shahrida uning xotirasiga bagʻishlangan yodgorlik majmuasi barpo etildi va haykali oʻrnatildi.
Davlatimiz rahbari ushbu haykalning ochilish marosimida soʻzlagan nutqida taʼkidlaganidek, Sharof Rashidov oddiy xalq orasidan chiqqan, noyob aql-zakovati, mehnatsevarligi va kamtarligi bilan katta obroʻ-eʼtibor qozongan. Eng muhimi, xalqimizga sadoqat bilan halol xizmat qilgan.
Sharof Rashidov umr boʻyi oʻz xalqiga, barcha sof niyatli insonlarga yaxshilik qilib, ularni ulugʻ maqsadlar yoʻlida birlashtirib, ezgu ishlarga safarbar etib yashagan. Bu olijanob, donishmand va bagʻrikeng inson, qanday suronli sinovlarga duch kelgan boʻlmasin, yuksak insonparvar gʻoyalarga doimo sodiq boʻlib, xalqimiz qalbida yaxshi nom, soʻnmas xotira qoldirgan.
Tadbir yakunida Sharof Rashidov yodgorlik majmuasida akademiklar A.Saidov va Q.Abdurahmonov bilan Jizzax viloyati jamoatchiligi vakillari oʻrtasida samimiy muloqot boʻlib oʻtdi.
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati













