Shu maqsadda qariyb 3,5 million aholi yashaydigan sharoiti ogʻir 1 mingta mahallada infratuzilma yaxshilanmoqda. Natijada shu yilning oʻzida 470 ming xonadon tomorqasiga suv bordi, yana 790 ming xonadonda elektr energiyasi taʼminoti yaxshilandi.
Kelgusi yilda mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, ish oʻrinlarini koʻpaytirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga yana 400 million dollar ajratiladi. 32 ta tuman va 328 ta ogʻir mahalla tanlanib, ularni rivojlantirish boʻyicha alohida dastur qabul qilinadi.
Shuningdek, 810 ta mahallada suv, kanalizatsiya, yoʻl, maktab va bogʻcha qurish boʻyicha 1,3 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi. Uy-joyga muhtoj va daromadi past aholiga ipoteka tizimidan foydalanish uchun har yili 200 million dollar subsidiya ajratiladi.
Prezidentimiz xalqaro moliya institutlarini rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishda kambagʻallikni qisqartirish talabini kiritishga chaqirdi.