Undan koʻzlangan asosiy maqsad terrorchilik harakatlarini aniqlash va ularning oldini olish, chegara xavfsizligiga rahna soluvchi terrorchilik tahdidlarini zararsizlantirish va ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etish boʻyicha qoʻshma tadbirlarni oʻtkazishda MDHga aʼzo davlatlar vakolatli organlari faoliyatini takomillashtirishdan iborat.
Aksilterror mashqlariga SHHT va MDHga aʼzo davlatlar vakolatli organlari rahbarlari va vakillari, manfaatdor xalqaro tashkilotlar vakolatli tuzilmalari kuzatuvchilari taklif etildi.
Muhim infratuzilma obyektlarida garovga olinganlarni ozod qilish va shartli terrorchilarni zararsizlantirish ssenariylarini sinovdan oʻtkazish doirasida maxsus va harbiy texnikalar, jumladan aviatsiya va uchuvchisiz uchuv apparatlaridan foydalanildi.
Tadbirga Oʻzbekiston Respublikasi DXX, IIV, FVV, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi maxsus boʻlinmalari, shuningdek Bosh Prokuratura va Sogʻliqni saqlash vazirligi vakillari jalb qilindi.
Kuzatuvchilar eʼtiboriga noqonuniy qurollangan terrorchilik guruhlarini yoʻq qilish boʻyicha maxsus harbiy operatsiya elementlari hamda ommaviy tartibizliklarni bostirish va inqirozli vaziyatlarni bartaraf etish choralari havola etildi.
Oʻtkazilgan oʻquv mashqlari davomida shartli terrorchilik guruhlarini zararsizlantirishga jalb etilgan kuch va vositalarning yuqori darajadagi tayyorgarligi, vazirlik va idoralarning hamkorlikdagi harakatlari namoyish etildi.
“Sharq-Aksilterror – 2024” qoʻshma aksilterror mashqlari Hamdoʻstlik davlatlari maxsus xizmatlari oʻrtasidagi amaliy hamkorlik muhim ekanini koʻrsatdi. Mashqlar qoʻshma aksilterror tadbirlarini rejalashtirish va oʻtkazish tajribasini takomillashtirishga hissa qoʻshdi, terrorchilik harakatlarini aniqlash va ularga chek qoʻyish, jamoat tartibini taʼminlash boʻyicha kelishilgan harakatlar shakllari va usullarini ishlab chiqish imkonini berdi.
Ushbu aksilterror mashqlari MDH Aksilterror markazi koʻmagi ostida oʻtkazilgan bu kabi tadbirlarning yigirmanchisi boʻlib, ularning 6 tasida Oʻzbekiston Respublikasi ishtirok etgan.
Umuman olganda, “Sharq-Aksilterror – 2024” qoʻshma aksilterror mashqlari va uning doirasida boʻlib oʻtgan tadbirlar ishtirokchilar va kuzatuvchilarda ijobiy taassurot qoldirdi. Ularning yuqori darajada tashkil etilgani, jalb etilgan maxsus boʻlinmalarning shaxsiy tarkibi hamda boshqa idoralar vakillarining professionalligi alohida qayd etildi.