Shashmaqom sanʼati Germaniyada namoyish etildi

    Germaniyaning Limesxayn shahrida (Gessen federal yeri) Shashmaqom konserti va O‘zbekiston milliy musiqasi, madaniyati va sanʼati taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

    Tadbir O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulligi, «Yuzuk e.v.» O‘zbekiston-Germaniya nodavlat notijorat tashkiloti va “Gulzoda” milliy ansambli hamkorligida tashkil etildi. Sanʼat va vokal-cholg‘u musiqasi ixlosmandlari, Germaniya shahri jamoatchiligi, shuningdek, ushbu mamlakatdagi vatandoshlarimiz madaniy kecha mehmonlari bo‘lishdi.

    Konsert doirasida tomoshabinlarga o‘zbek xalqining boy tarixiy, madaniy va maʼnaviy merosi, mamlakatimiz madaniyati va sanʼatining zamonaviy taraqqiyoti haqidagi maʼlumotlar taqdim etildi. Xususan, O‘zbekiston bag‘rida joylashgan meʼmoriy obidalar, tasviriy sanʼatimiz va milliy o‘zbek raqslariga doir taqdimotlar namoyish etildi.

    Konsert dasturidan isteʼdodli sanʼatkor Gulzoda Xudoyqulova ijrosidagi mumtoz musiqiy ashulalar hamda o‘zbek milliy raqslari joy oldi. Ishtirokchilar tadbir doirasida maxsus tayyorlangan o‘zbek milliy taomi – palovdan tatib ko‘rish imkoniyatiga ham ega bo‘ldilar.

    Madaniy tadbir intihosida uning qatnashchilari madaniy kechadan olgan taassurotlarini o‘rtoqlashdi.

    Yens Xayn, nemis maktabi o‘qituvchisi:

    - Men o‘zbek milliy musiqasi va madaniyatining ashaddiy muxlisiman. Men bir marta taʼlim sohasidagi almashuv dasturi ishtirokchisi sifatida O‘zbekistonga borgan edim. Sizning ajoyib mamlakatingizdan olam-olam taassurotlar bilan qaytgan edim. O‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va oqko‘ngilligidan bahramand bo‘lganman. Bugun men yana xuddu o‘sha muhit og‘ushidaman. “Gulzoda” ansambli tomonidan ijro etilgan musiqa bizlarni ohangrabodek o‘ziga jalb qildi. Tashkilotimiz bunday xalqaro madaniy tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan juda mamnunmiz.

    Tadbir mehmonlari Samira Madani va Xamed Gandchi:

    - Biz Erondanmiz, Germaniyada ishlaymiz. O‘zbek madaniyatiga bag‘ishlangan tadbir haqida eshitganimizdan so‘ng darhol unda ishtirok etishga qaror qildik. Chunki O‘zbekiston va Eronning umumiy, tarixiy va maʼnaviy mushtarakliklari ko‘p. Biroq biz bu yerda juda ko‘p yangi va qiziqarli jihatlarni ko‘rib, hayratda qoldik. O‘zbekiston musiqasi, madaniyati va oshxonasi juda boy ekan. Biz O‘zbekistonga sayohat qilishga, mamlakat bilan yaqindan tanishishga qaror qildik. Biz bugun juda xursand bo‘ldik. Katta rahmat.

    «Deutsche Borse Frankfurt» banki xodimi Xans Lants:

    - Bugun namoyish etilgan o‘zbek cholg‘u asboblari asboblari jo‘rligidagi konsert dasturi, milliy musiqa va liboslar menga juda yoqdi. Sanʼatkorlar ham, tashkilotchilar ham juda ko‘p harakat qilishgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Bu yerda O‘zbekiston tarixi, madaniyati va milliy taomlari bilan ham oshno bo‘ldik. Hammasi juda chiroyli va qiziqarli bo‘ldi. Ishonchim komilki, bugungi tadbirdan keyin ko‘pchilik O‘zbekistonga borishni xohlaydi.