Davlatimiz rahbari uchrashuvni ochar ekan, ikki tomonlama munosabatlarning bugungi surʼatini saqlab qolish va oliy darajada avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhim ekanini alohida taʼkidladi.

Afgʻoniston delegatsiyasi aʼzolari Oʻzbekiston Prezidentiga koʻrsatilgan samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Afgʻoniston Prezidenti Ashraf Gʻanining salomi va ezgu tilaklarini yetkazdilar.

Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan qatʼiy saʼy-harakatlari uchun chuqur minnatdorlik bildirildi.

Toshkent shahrida yetakchi xalqaro moliyaviy institutlar rahbarlari ishtirokida oʻtgan Transafgʻon temir yoʻlini qurish loyihasi boʻyicha uch tomonlama ishchi guruh birinchi yigʻilishining samarali yakunlari yuksak baholandi.

Tomonlar ushbu loyihani tez fursatda tayyorlash va amalga oshirishni boshlash, qabul qilingan “yoʻl xarita”si asosida xorijiy hamkorlar va salohiyatli investorlarni faol jalb qilish muhim ekanini taʼkidladilar.

Bundan tashqari, uchrashuvda koʻp qirrali Oʻzbekiston – Afgʻoniston hamkorligini yana-da kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Bu borada soʻz yuritilganda, avvalo, tovar ayirboshlash hajmini oshirish va uni yaqin yillarda kamida 2 milliard dollarga yetkazish uchun qulay sharoitlar yaratish, sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi va logistika sohalarida kooperatsiyani kuchaytirish, sogʻliqni saqlash, taʼlim va madaniyat sohalarida muhim dasturlarni amalga oshirishni qayd etish lozim.

Uchrashuvda oliy va yuqori darajadagi boʻlajak tadbirlar va muloqotlar rejasi ham koʻrib chiqildi.