Shavkat Mirziyoyev: Agar ular qatagʻon qilinmaganida, buyuk ishlarni amalga oshirgan boʻlar edi

    Hukumat 31 Avgust 2020 7594

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurdi.

    Majmuadagi ramziy qabr yonida qatagʻon qurbonlari ruhlariga bagʻishlab Qurʼon tilovat qilindi. Shu yerda nuroniylar, ulamo va ziyolilar bilan muloqot boʻldi.

    - Vatan fidoyilarini eslashimiz, ularning haqiga Qurʼon oʻqishimiz yaxshi anʼana. Maʼrifatparvar bobolarimiz mustaqillik uchun, xalqimiz emin-erkin yashashi uchun kurashganini bilamiz. Oxirgi yillarda butun jamoatchiligimiz harakati bilan ularning nomlarini tiklash, muzeylarni yangi namunalar bilan toʻldirish, ijod maktablari tashkil etish boʻyicha koʻp ishlar qilinyapti. Bularning hammasi - odamlarga tarixiy adolatni, haqiqatni yetkazish uchun, xalqimiz u kunlarni bilishi va hech qachon unutmasligi, bugungi kunlarning qadriga yetishi uchun, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Maʼlumki, mustabid tuzum davrida minglab begunoh vatandoshlarimizning umri xazon boʻlgan. 1937-53 yillarda Oʻzbekistonda 100 ming odam qatagʻonga uchragan. Ularning 13 ming nafari shafqatsiz otib tashlangan. Qanchadan-qancha oilalar xonavayron boʻlib, bolalar yetim qolgan. Birgina 1937-38 yillardagi katta qatagʻon davrida 7 mingga yaqin vatandoshimiz otilgan.

    - Bu insonlar haqiqiy yetakchilar, ilgʻor ziyolilar, adabiyot, madaniyat namoyandalari, boshqacha aytganda, millatimizning, xalqimizning eng sara vakillari edi. Tasavvur qiling, agar ular qatagʻon qilinmaganida Vatanimiz rivoji uchun, ilm-fan, iqtisodiyot, madaniyat va adabiyotimiz uchun qanday buyuk ishlar qilgan boʻlar edi, xalqimizni oldinga boshlardi. Shu bilib turib qilingan. Bugun buni armon bilan eslaymiz, - dedi Prezident.

    Davlatimiz rahbari qatagʻonga uchragan ana shu 100 ming odamning har biri boʻyicha izlanish, joylarga chiqib, qarindoshlari bilan uchrashib, nomlarini tiklash, qilgan ishlari haqida kitoblar chop etish, oʻzlari yashagan mahallalar va maktablarga nomlarini qoʻyib, xotirasini abadiylashtirish zarurligini taʼkidladi.

    Soʻnggi yillarda Isʼhoqxon oʻgʻli Ibrat, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdulhamid Choʻlpon, Abdulla Qodiriy singari maʼrifatparvarlar xotirasiga bagʻishlab muzeylar, muazzam haykallar yaratildi. Ijod maktablari bunyod etildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasida, barcha viloyatlarda Qatagʻon qurbonlari muzeyining boʻlimlari ochildi. Qatagʻon qurbonlariga bagʻishlangan yangi-yangi kitoblar, filmlar, tadqiqotlar yaratilmoqda.

    Koronavirus pandemiyasi yurtimizni ham chetlab oʻtmadi. Afsuski, bu kasallik uch yuzdan ziyod yurtdoshimizning hayotiga zomin boʻldi.

    Marosimda ushbu insonlar xotirasiga bagʻishlab ham Qurʼon tilovat qilindi. Bemorlarning tezroq sogʻayishini Allohdan soʻrab, duo oʻqildi.

    - Oʻz yaqinlaridan judo boʻlgan barcha oilalarga chuqur hamdardlik bildirib, sabr-toqat tilayman. Davolanayotgan bemorlarimizning dardiga shifo berishini Xudodan soʻraymiz. Olti oydan beri shu balo bilan kurashyapmiz. Bu kasallik yurtimizdan tezroq ketishini soʻrab duo qilamiz, - dedi davlatimiz rahbari.