«Bizning bu harakatlarimiz, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi buyuk ajdodlarimizning davlat va xalq birligi, insonparvarlik va adolat ustuvorligi haqidagi yuksak gʻoyalariga tayanadi.
Shu asosda, xalq hokimiyatini mustahkamlash, parlamentarizmni rivojlantirish va davlat organlari hisob́d́orligini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Davlat va jamiyat boshqaruvida ochiqlik va adolatga asoslangan, odamlar manfaatiga xizmat qiladigan, xalqparvar qarorlar qabul qilish tizimi shakllantirildi.
Eng muhimi, biz koʻp yillar davomida amal qilib kelingan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini oʻzgartirdik.
Mamlakatimizda avvalo inson, keyin esa, jamiyat va davlat manfaati barcha harakatlarimizning negiziga qoʻyildi. Hayotimizda “Davlat – insonlar uchun” degan xalqchil gʻoya, izchillik bilan qaror topib bormoqda.
Jamiyatda aholi va partiyalarning siyosiy faolligi, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli va ahamiyatini oshirishga qaratilgan, tizimli ishlarni olib bormoqdamiz. Inson, uning haq-huquqlari, qadr-qimmati va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish tamoyili, islohotlarimiz mohiyatini tashkil etmoqda. Shu tariqa, oʻtgan besh yilda koʻplab masalalarda, yangi bilim, koʻnikma va tajriba orttirdik.
Albatta, barcha yoʻnalishlarda ham ishlarimiz bir tekisda, silliq va ravon ketdi, deb ayta olmaymiz. Qator sohalarda ayrim kamchilik va xatolar ham boʻldi. Lekin, toʻla ishonch bilan aytish mumkinki, barcha islohotlarimiz, ezgu harakatlarimiz faqat va faqat mamlakatimiz taraqqiyotiga, xalqimiz farovonligini oshirishga qaratilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, jamiyatimizda demokratiya tamoyillari, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash, sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilmoqda.
Hurmatli doʻstlar!
Maʼlumki, oʻtgan besh yillik davr barchamiz, butun mamlakatimiz uchun, keskin va ogʻir sinov yillari boʻldi. Ayniqsa, 2020-yili boshlangan koronavirus pandemiyasi va uning oqibatida kelib chiqqan global iqtisodiy inqiroz, Oʻzbekiston uchun ham, jiddiy muammolarni yuzaga keltirdi.
Mana shunday murakkab va qiyin vaziyatga qaramasdan, biz milliy iqtisodiyotimizning oʻsish surʼatlarini barqaror saqlab qolishga erishdik.
Amalga oshirgan islohotlarimiz, erishgan yutuq va natijalarimiz Sizlarga, partiyamiz faollariga, ayniqsa, 1,5 milliondan ortiq ishbilarmon va tadbirkorlarimizga yaxshi maʼlum. Qoʻlga kiritgan marralarimizni nafaqat xalqimiz, balki xalqaro hamjamiyat ham, bugun xolisona eʼtirof etmoqda.
Shu oʻrinda, ayrim raqamlarga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.
Soʻnggi besh yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti 24 foizga, sanoat – 34 foiz, eksport hajmi 1,5 barobarga, xorijiy investitsiyalar hajmi esa, 3 barobarga oʻsgani, biz qoʻlga kiritgan yuqori natijalardan dalolat beradi.
Shu davrda oʻrtacha oylik ish haqi 2,2-marta koʻpaydi.
Bu borada biz:
- iqtisodiyotni erkinlashtirish, tashqi savdo, soliq va moliya siyosatini tubdan takomillashtirish;
- tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash;
- qishloq xoʻjaligida chuqur va puxta oʻylangan islohotlarni amalga oshirish;
- hududlarni rivojlantirish, sanoat va xizmatlar koʻlamini kengaytirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz.
Amaliy natijadorlik, inson manfaati islohotlarimizning bosh maqsadiga aylandi.