Shavkat Mirziyoyev: Bu korxona - tarixiy anʼanalarning sanoat darajasida qayta tiklanishi

    Hukumat 4 Fevral 2021 7106

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 6-mayda Fargʻona viloyatida boʻlganida toshdan qogʻoz ishlab chiqarish loyihasi taqdimot qilingan edi. Bugungi kunda ushbu loyiha Fargʻona shahrida “Fergana stone paper” korxonasi boʻlib amalga oshdi.

    Xitoydan noyob texnologiya olib kelinib, yiliga 9 ming tonna qogʻoz tayyorlash quvvati tashkil etildi. Prezident tashrifi arafasida ushbu korxona sinov rejimida ishga tushirildi.

    Toshdan yasalgan qogʻoz bir qancha afzalliklarga ega. Birinchidan, sellyuloza qogʻoz tayyorlash uchun juda koʻp suv sarflanadi, zaharli moddalar borligi tufayli bu suv yaroqsiz boʻlib qoladi. Toshdan qogʻoz ishlab chiqarishda esa suv ishlatilmaydi.

    Ikkinchidan, mustahkamligi, chidamliligi oddiy qogʻozga nisbatan yuqori. Oʻzidan suv oʻtkazmaydi, dogʻ yuqmaydi. Shu bois toshdan olingan qogʻoz matbaachilikda, qadoq va gulqogʻoz ishlab chiqarishda juda qulay. Tashqi bozorda xaridorgir.

    Korxonada 60 kishi ish bilan taʼminlandi. Davlatimiz rahbari ish jarayonini, qogʻoz sifatini koʻrdi.

    - Qogʻoz tayyorlash qadimiy hunarmandlik yoʻnalishlarimizdan biri. Oʻz davrida Samarqand qogʻozi dunyoga mashhur boʻlgan. Bu korxona - tarixiy anʼanalarning sanoat darajasida qayta tiklanishi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Prezidentimiz Fargʻona viloyatida ishlab chiqarilayotgan import oʻrnini bosuvchi sanoat mahsulotlarini ham koʻzdan kechirdi.