Shavkat Mirziyoyev: Bugungi poydevor natijasini xalqimiz albatta ko‘radi

    Hukumat 7 Aprel 2023 6977

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabini borib ko‘rdi.

    Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizning har bir hududida yoshlarning g‘ururini ko‘taradigan ko‘p ishlar qilinmoqda. Masalan, Toshkentda Abdulla Qodiriy, Nukusda Ibroyim Yusupov, Qarshida Abdulla Oripov nomidagi kabi 9 ta ijod maktabi tashkil etildi.

    Sirdaryo viloyatida ham yoshlarga ibrat bo‘ladigan atoqli insonlar ko‘p. Ulardan biri O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyevadir. U nodir iste’dodi, badiiy teran va falsafiy she’rlari, publitsistik asarlari bilan o‘zbek adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan.

    Shavkat Mirziyoyev 2019-yilda Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida marhum shoira nomini abadiylashtirish, iste’dodli yoshlarga sharoit yaratish maqsadida ijod maktabi tashkil etish taklifini bildirgan edi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinib, o‘sha yili dekabrda ushbu ta’lim maskani foydalanishga topshirildi.

    Tashrif chog‘ida Prezident maktabga kiraverishdagi Halima Xudoyberdiyeva haykaliga gul qo‘ydi. Shoira hayoti va ijodiga bag‘ishlangan mo‘jaz muzeyni ko‘zdan kechirdi. O‘quvchilar Halima Xudoyberdiyeva she’rlaridan namunalar o‘qib berdi.

    Ijod maktabida umumta’lim fanlari bilan birga, ona tili va adabiyot chuqur o‘rgatiladi. Ayni paytda 7-11-sinflarda 180 nafar iqtidorli yigit-qiz ta’lim olmoqda. Sinflar, kompyuter xonasi, laboratoriya, sport zali va yotoqxona zamonaviy jihozlangan. Maktab kutubxonasida 3 ming 500 dan ziyod badiiy adabiyotlar jamlangan.

    Muallim va ziyolilar bilan suhbatda ta’lim sifati, sohadagi islohotlar haqida so‘z bordi.

    - Biz birinchi kundan ta’lim sifatini yaxshilashga, muallimlarning maqomi va obro‘sini ko‘tarishga harakat qilyapmiz. Bu haqdagi me’yorlarni Konstitutsiyaga ham muhrlayapmiz. Ko‘ryapsizlar, zamon murakkab bo‘lib ketyapti. Qachon biz bu raqobatga munosib bo‘lamiz? Bilimli bo‘lsak. Shuning uchun ta’lim mazmunini isloh qilib, yoshlarga sharoit yaratyapmiz. Zamonlar o‘tadi, muhit o‘zgaradi. Bugungi poydevor natijasini xalqimiz albatta ko‘radi. Yoshlarimizdan yana ko‘plab Buxoriylar, Beruniylar, Ulug‘beklar chiqadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Ijod maktablarini universitetlarga biriktirish, viloyatdagi maktablar bilan aloqasini kengaytirish, iste’dodli yoshlarning kitoblarini chop etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

    Shu bilan Prezidentning Sirdaryo viloyatiga tashrifi yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.