Shavkat Mirziyoyev: Davlat idoralari dasturdagi vazifalarni qunt bilan, ilm bilan, aql bilan bajarsa, keskin oʻzgarish boʻladi

    Hukumat 10 Fevral 2021 8199

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 10-fevral kuni “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosini samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

    Maʼlumki, 2021-yil mamlakatimizda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilingan edi. Shu borada tayyorlangan dastur loyihasi umumxalq muhokamasiga qoʻyilib, 2 mingdan ziyod takliflar, fikr-mulohazalar olindi, ular asosida qayta ishlanib, yana-da boyitildi.

    Ushbu takomillashgan Davlat dasturi Prezidentimizning joriy yil 3-fevraldagi farmoniga muvofiq qabul qilindi. Unda 273 ta band bor. Bu chora-tadbirlarni bajarish uchun qariyb 30 trillion soʻm, 2 milliard 600 million AQSH dollari va 57 million yevrodan ziyod mablagʻ yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan.

    Umumlashtirib aytganda, Davlat dasturining asosiy maqsadi – yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, iqtisodiyotni rivojlantirish orqali xalq farovonligini oshirishga qaratilgan.

    – Bu dasturni hanuz davom etayotgan pandemiya sharoitida, global inqiroz kuchayib borayotgan murakkab bir vaziyatda amalga oshirishimizga toʻgʻri keladi. Har qancha qiyin boʻlmasin, 500 ming nafar yosh va 200 ming ayolni ish bilan taʼminlash hamda 300 ming aholini kambagʻallikdan chiqarish lozim. Agar “mahallabay” tizimni joyiga qoʻyib, davlat idoralari dasturdagi vazifalarni qunt bilan, ilm bilan, aql bilan bajarsa, keskin oʻzgarish boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Shu bilan birga, rivojlanishdan ortda qolayotgan 33 ta tuman va ogʻir ahvoldagi 970 ta mahallaning yoʻli, ichimlik suvi va elektr taʼminoti, irrigatsiya tarmogʻini yaxshilash, tibbiyot va taʼlim tizimidagi islohotlarni eng uzoq qishloqlargacha yetkazish zarurligi qayd etildi.

    Buning uchun Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlik va tarmoq rahbarlari, hokimlar va sektor boshliqlari dastur ijrosini tuman va mahallaga tushib tashkil etishi, resurslardan oqilona foydalanib, tartib-intizom bilan qattiq mehnat qilishi talab etiladi.

    – Rahbar koʻp, masʼullar koʻp, lekin xalqning dardi bilan shugʻullanadigan odam yoʻq. Hamma qarorlarni bajarsa boʻladi. Eng katta kamchilik – nazorat yoʻq, vazirlar, hokimlar oʻzini qiynamaydi, – dedi Prezident.

    Videoselektor yigʻilishida Davlat dasturidagi ikkita katta yoʻnalish – iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohalarga oid vazifalar haqida soʻz bordi.

    “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha 113 ta chora-tadbir belgilangan. Bunda eng katta eʼtibor yangi ish oʻrinlari tashkil etishga qaratilgan.

    Xususan, oʻz ishini boshlamoqchi boʻlganlarga 7 million soʻmgacha subsidiya, kasbga oʻqimoqchi boʻlgan ehtiyojmand aholiga 1 million soʻmdan kompensatsiya berilishi koʻzda tutilgan.

    Mutasaddilarga ushbu mablagʻlarni ajratish tartibini tasdiqlab, tezroq amaliyotga kiritish boʻyicha koʻrsatma berildi. Bu orqali birinchi yarim yillikda 10 ming nafar, yil yakunigacha jami 20 ming nafar aholini ish bilan taʼminlash mumkin.

    Maʼlumki, dehqonchilik bilan shugʻullanishni istagan yoshlarga 10 sotixdan 1 gektargacha yer ajratish boshlandi. Davlatimiz rahbari bu jarayonda adolat va halollik bosh mezon boʻlishi, jamoatchilik fikri inobatga olinishi zarurligini taʼkidladi.

    Oilaviy tadbirkorlik uchun ajratiladigan 6 trillion soʻmlik kredit mablagʻlarini samarali yoʻnaltirish, har bir mahallaning “oʻsish nuqtalari”dan kelib chiqib, tadbirkorlik salohiyatini oshirish muhimligi qayd etildi.

    Joriy yilda 23 milliard dollar qiymatidagi investitsiyalarni oʻzlashtirish hamda 226 ta yirik sanoat va infratuzilma obyektlarini ishga tushirish belgilangan. Davlatimiz rahbari bu boradagi barcha jarayonlarni doimiy monitoring qilib borib, oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 22 ta yirik ziyorat obyekti atrofini obodonlashtirish va infratuzilmasini yaxshilash rejalashtirilgan. Shuningdek, aviatashuvchilarga ichki turizm yoʻnalishlaridagi aviachipta narxining 25 foizini, turoperatorlarga havo va temir yoʻl chiptalari narxining 15 foizini hamda mehmonxona xizmatlari narxining 10 foizini qaytarish tartibi joriy etiladi. Ushbu yangi mexanizmlar orqali joriy yilda 1,7 million nafar xorijiy hamda 7,5 million nafar ichki turistlarni jalb qilish mumkinligi taʼkidlandi.

    Davlat dasturida belgilangan bunyodkorlik ishlari koʻlami ham keng. Jumladan, yil yakuniga qadar 10 ming kilometrdan ortiq ichki va qishloq yoʻllarini taʼmirlash, 15 ming kilometr elektr tarmoqlari hamda 4 mingta transformatorni yangilash, 700 dan ortiq aholi punktiga toza ichimlik suvi yetkazish vazifasi belgilangan. Shaharlarda 21 mingta, qishloqlarda 8 ming 800 ta uy-joylar barpo qilish rejalashtirilgan.

    Yigʻilishda ushbu chora-tadbirlar hududlar kesimida muhokama qilinib, mutasaddilarga qoʻshimcha koʻrsatmalar berildi. Kommunal xizmatlar tizimini yana-da yaxshilash, koʻp qavatli uy-joy fondini va liftlarni taʼmirlash, koʻpriklarni rekonstruksiya qilib, kadastrini yaratish zarurligi taʼkidlandi.

    “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari joylardagi “oʻsish nuqtalari”dan kelib chiqib, shakllantirilishi hamda mahalliy kengashlarga kiritilishi belgilandi.

    Joriy yilda jami 320 ming gektar yangi yerlarni qayta foydalanishga kiritish hamda ularga ekinlarni oqilona joylashtirish, nasos stansiyalarini rekonstruksiya qilish va suvni tejash boʻyicha topshiriqlar berildi. Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida goʻsht, sut, tuxum va baliq mahsulotlarini koʻpaytirish, buning uchun joriy yilda qiymati 6 trillion soʻmlik 1 ming 500 ta yangi loyihani ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.

    Davlat dasturida aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, tibbiyot, taʼlim hamda boshqa gumanitar sohalarni rivojlantirishga qaratilgan 93 ta band bor. Videoselektor yigʻilishida ularning eng muhimlariga toʻxtalib oʻtilib, ijrosini taʼminlash choralari belgilandi.

    Bolalarni qoʻllab-quvvatlash fondini tashkil etib, unga byudjetdan 100 milliard soʻm ajratish, shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlari grantlarini jalb qilish boʻyicha koʻrsatma berildi. Joriy yil 1-sentyabrga qadar mehribonlik uylarining muhtoj bitiruvchilarini uy-joy bilan taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.

    Yana bir qulaylik – bu yil 1-iyundan boshlab, pensiya tayinlashda 2005-yildan avvalgi yillar uchun ish stajini shaxsning mehnat daftarchasidagi yozuvlar asosida, tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblash tartibi joriy etilmoqda. Buning natijasida, yil yakuniga qadar 100 ming, kelgusi yilda yana 200 ming fuqaro ortiqcha sarson boʻlmay pensiya olish imkoniyatiga ega boʻladi.

    Joriy yilda byudjet hisobidan 22 ta bolalar bogʻchasi va 31 ta yangi maktab qurish, har bir tumanda fizika faniga ixtisoslashgan bittadan maktab tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

    Aholi salomatligi haqida soʻz borar ekan, koronavirusga qarshi emlash boshlanishi aytildi. Sogʻliqni saqlash vazirligiga birinchi navbatda emlanishi zarur boʻlgan aholi toifasini belgilab, elektron roʻyxatini shakllantirish, oilaviy poliklinika va qishloq shifokorlik punktlaridagi 3 mingdan ziyod emlash boʻlimlari va qoʻshimcha 800 ta mobil brigada tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

    Madaniyat markazlari, muzeylar va teatr binolarini taʼmirlash hamda jihozlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

    – Davlat dasturidan asosiy maqsad qogʻoz yoki hisobot emas, balki amaliy natijalarga erishish, odamlar hayotida ijobiy oʻzgarishlar qilish. Buning uchun har bir rahbar oʻz faoliyatida natija koʻrsatishi zarur va shart, – deya taʼkidladi Prezident.

    Yigʻilishda viloyat, tuman, shahar xalq deputatlari kengashlari Davlat dasturini oʻz hududida amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishi, Adliya vazirligi dasturning har bir bandi ijrosi boʻyicha “tumanbay” nazorat oʻrnatishi zarurligi taʼkidlandi.

    Vazirlar Mahkamasi har oyda dastur ijrosini tanqidiy muhokama qilib, vazifalarning oʻz vaqtida va toʻliq ijro etilishiga koʻmaklashadi. Oliy Majlis palatalari har chorakda Bosh vazir va hukumat aʼzolarining Davlat dasturi bajarilishi yuzasidan axborotlarini eshitadi hamda bu borada vazirlik va idoralar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar beradi.

    Videoselektor yigʻilishida Bosh vazir va uning oʻrinbosarlari, vazirlar, hokimlar Davlat dasturi ijrosini tashkil etish rejalari yuzasidan axborot berdi.