Shavkat Mirziyoyev g‘alla hosilini ko‘rdi

    Hukumat 1 Iyun 2021 6928

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Angor tumanidagi “Angor Surxon g‘ururi” klasterida bo‘lib, g‘alla va g‘o‘za rivojini ko‘zdan kechirdi.

    Ushbu klasterning umumiy yer maydoni 11 ming gektardan ziyod. Shuning 4 ming 870 gektarida g‘alla yetishtirilmoqda. Bu yil Rossiya Federatsiyasidan kasalliklarga chidamli g‘alla navlari keltirib ekilgan. Gektariga 80 sentnerdan hosil olish kutilyapti.

    Davlatimiz rahbari kombaynni boshqarib, g‘alla o‘rdi.

    4 ming 656 gektarda paxta qo‘shqator ekilgan. Kaliforniya usulida sug‘orish natijasida suv sarfini 50 foizga tejashga erishilmoqda.

    Prezident soha mutaxassislari bilan suhbatda paxtani qo‘shqator usulda ekishni janubiy hududlarda ommalashtirish va bu orqali yuqori hosil olish mumkinligini qayd etdi.

    Klasterda sabzavot va dukkakli ekinlar ham yetishtiriladi.