Shavkat Mirziyoyev IHT sammitida ham Falastin va Afgʻoniston masalasiga toʻxtalib oʻtdi

    Hukumat 9 Noyabr 2023 2092

    Prezidentimiz global tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgan Yaqin Sharqdagi Falastin-Isroil urushiga yana bir bor alohida toʻxtaldi.

    "Ming afsuski, bu qonli nizo oqibatida avvalo, tinch aholi vakillari, ayniqsa, ayollar, bolalar va keksalar koʻplab qurbon boʻlmoqda. Urushning mintaqa boʻylab yoyilib ketish xavfi tobora real tus olmoqda.

    Qarama-qarshilikning keng koʻlamli nizoga aylanib ketishiga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Biz tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarni toʻxtatishga, tinch muzokaralarni boshlash, oqilona murosaga kelishga chaqiramiz.

    Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan huquqqa, yaʼni, oʻzining mustaqil davlatini barpo etish huquqiga ega, degan qatʼiy pozitsiyamizni yana bir bor bildiramiz", dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Asrlar davomida bizga yon qoʻshni boʻlgan koʻpmillatli Afgʻoniston xalqini bugungi murakkab muammolari qarshisida yolgʻiz qoldirib boʻlmasligi, ushbu mamlakatni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga faol jalb etish barqaror taraqqiyotimizning ajralmas va zaruriy sharti ekani taʼkidlandi.

    Davlatimiz rahbari yigʻilganlarni afgʻon xalqiga gumanitar yordam koʻrsatishni koʻpaytirishga, ushbu mamlakatdagi oʻtkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni jamoaviy masʼuliyat va maqbul mexanizmlar asosida hal etishga chaqirdi.