Umumiy qiymati qariyb 34 milliard soʻm boʻlgan mazkur loyiha sanoatni mahalliylashtirish, import oʻrnini toʻldirishda juda muhim ahamiyatga ega. Chunki toʻqimachilik texnologiyalari har besh yilda oʻzgarib turadi. Bundan tashqari, detallari eskiradi yo buziladi. Ilgari oddiy qismlar ham chetdan olib kelinardi.
“Metal Processing” MCHJda toʻqimachilik korxonalari buyurtmasi asosida dastgohlar uchun qoplama va ehtiyot qismlar ishlab chiqarilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizdagi 12 ta yirik tekstil majmuasi bilan hamkorlik oʻrnatilgan.
- Uzoq yillar davomida vaziyat shunday ediki, mashaqqat bilan yetishtirgan paxtamizdan foydani boshqalar koʻrardi. Keyingi paytlarda uning yurtimizda qayta ishlash darajasi keskin oshdi. Toʻqimachilik klasterlari paydo boʻldi. Ularning zamini - paxtani qayta ishlash. Buning uchun esa ilgʻor texnikalar, servislar kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Korxonada 85 nafar mutaxassis faoliyat olib boradi. Shveysariyaning “SkillSonics International AG” kompaniyasi bilan hamkorlik asosida metallga ishlov berishda jahon standartlaridan foydalanib kelinmoqda.
- Bunday korxonalarning “yuragi” - muhandis, konstruktorlar. Afsuski, bizda koʻp zavodlarning shunday “yuragi” yoʻq. Aqlli mutaxassislarni topib, qoʻllab-quvvatlasak, mahalliylashtirishga katta hissa qoʻshadi, - deya taʼkidladi Prezident.
Shu yerda Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti kafedralari boʻlimini ochib, amaliyotni kengaytirish lozimligi qayd etildi. Kooperatsiya asosida buyurtmani koʻpaytirish, korxona rentabelligini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.









