Shavkat Mirziyoyev MDH maxsus xizmatlari rahbarlari Kengashi majlisi ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi

    Samarqand shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari Kengashining 57-majlisi ish boshladi.

    Bu yilgi anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan tashkil etilgan.

    Yigʻilish avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbir ishtirokchilariga yoʻllagan tabrik soʻzi oʻqib eshittirildi. Davlat rahbari oʻz murojaatida mazkur Kengash majlislari terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, uyushgan jinoyatchilik va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish va tajriba almashish uchun samarali maydonga aylanganini taʼkidladi.

    Prezident Markaziy Osiyo xavfsizligiga tahdid solayotgan bir qator omillarga toʻxtalib, Afgʻonistondagi beqaror vaziyat, xalqaro terrorchi guruhlar faoliyati, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi va transchegaraviy uyushgan jinoyatchilikni asosiy xavf manbalari sifatida qayd etdi.

    Shu bilan birga, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va sunʼiy intellektdan gʻarazli maqsadlarda foydalanishning oldini olish boʻyicha hamkorlikni mustahkamlash zarurligi taʼkidlandi.

    Shavkat Mirziyoyev global xavfsizlik masalasiga ham alohida eʼtibor qaratar ekan, mintaqa atrofida va Yaqin Sharqda kechayotgan nizolar barchani tashvishga solayotganini, bu holat iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotganini bildirdi.

    Qayd etilishicha, bu omillar jahon bozorida nosogʻlom raqobatning kuchayishi, energiya narxlarining oʻsishi va transport hamda energetika sohalaridagi yirik loyihalarni amalga oshirishga toʻsqinlik qilishiga sabab boʻlmoqda.

    Murojaat soʻngida davlatimiz rahbari shunday murakkab geosiyosiy sharoitda MDHga aʼzo davlatlar maxsus xizmatlari oʻrtasida amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiy, energetika va kommunikatsiya tizimlarini barqaror rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda birgalikdagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish muhimligini taʼkidladi.