Shavkat Mirziyoyev: Mening eng katta maqsadim - xalqimni rozi qilish, baxtli ko‘rish

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanidagi Juzimbag‘ mahallasida bo‘ldi.

    Bu yerda 4 ming 300 nafarga yaqin aholi yashaydi. Uchta maktab, oltita bog‘cha, yetmishdan ortiq tadbirkorlik subyektida aholi doimiy ish bilan band.

    Chorvachilik va dehqonchilikka ixtisoslashgan bu hududda 990 ta xonadonning tomorqasi bor. Sayxunobod tajribasi asosida mahalliy imkoniyatlar ishga solinmoqda. Xususan, dehqonchilik uchun 174 nafar fuqaroga 128 gektardan ortiq yer uzoq muddatga ajratilgan. Ular dehqonchilik qilib, ro‘zg‘or uchun qo‘shimcha daromad qilmoqda. Issiqxona tashkil etib, yiliga ikki marta hosil olishni yo‘lga qo‘yayotgan oilalar soni ko‘paymoqda.

    Mahallada “Orol Agro” korxonasi tomonidan “Yoshlar uzum bog‘i” tashkil etilgan. Unda 40 kishiga o‘rtacha 25 sotixdan yer ajratib berilgan.

    Voish usulida parvarish qilinayotgan bu tokzorning qator oralaridan ham omilkorlik bilan foydalanilmoqda. Turli sabzavotlar yetishtirilib, 400 tonnagacha mahsulot olinmoqda. Toklar to‘liq hosilga kirishi bilan yiliga qiymati 4 milliard so‘mlik 200 tonnaga yaqin mahsulot olinishi ko‘zda tutilgan.

    Davlatimiz rahbari shu yerda dehqonchilik qilayotgan yigit-qizlar bilan suhbatlashdi.

    Ular so‘nggi yillardagi imkoniyatlardan foydalanib, dehqonchilik uchun yer olgani, poliz ekinlari va ko‘katlar yetishtirib, daromad topayotganini aytdi. Reja va niyatlari haqida gapirdi.

    - Sizlarni ishli bo‘lganingizni, ko‘zingizdagi ishonchni ko‘rib, xursand bo‘ldim. O‘zi mening eng katta maqsadim shu - xalqimni rozi qilish, baxtli ko‘rish. Qilayotgan ishlarimiz to‘g‘ri, faqat uni kengaytirishimiz kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Prezident yoshlarning takliflari asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun sovutkichli ombor qurish, ehtiyojmand yigit-qizlarning to‘ylari va shartnoma to‘lovlariga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.