Shavkat Mirziyoyev: Mustaqillikka erishish oson bo‘lmagan

    Hukumat 31 Avgust 2022 8705

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-avgust kuni erta tongda Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurdi.

    Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar qatag‘on qurbonlarini yod etish uchun yig‘ildi. Qur’on tilovat etilib, o‘tganlar haqiga duo qilindi. Elga osh tortildi.

    Vatanimiz fidoyilarini aynan Mustaqillik bayrami kunlarida yod etishda katta ma’no bor. Bu xalqqa xizmat hech qachon unutilmasligini, el-yurtimiz ozodligi va tinchligi qadrini yana bir bor anglatadi.

    2001-yildan buyon 31-avgust “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni” sifatida nishonlab kelinmoqda. Jadid bobolarimizning ruhlarini shod etish, hayoti va merosini o‘rganishga qaratilgan ishlar davom ettirilmoqda. O‘tgan yili “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi rekonstruksiya qilingan edi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda uning filiallari ochildi.

    Bu yil muzeyda jadid talabalar Germaniyaga o‘qishga yuborilganining 100 yilligiga bag‘ishlangan ekspozitsiya tashkil etildi.

    Davlatimiz rahbari muzeyga kirib, mazkur ko‘rgazma bilan tanishdi.

    – Bu yerga har gal kelib, e’tibor berishimiz bejiz emas. Mustaqillikka erishish oson bo‘lmagan. Istiqlolimizga 31 yil bo‘lgani bilan bobolarimiz 100 yillar oldin bunga harakat qilgan. 100 ming vatandoshimiz qatag‘onga uchrab, 13 ming nafari shafqatsiz otib tashlangan. Nima uchun? Tahlil bo‘lgan. Ular eng katta qahramonlarimiz, millatning xazinasi bo‘lgan. 2-3 tadan til bilgan. Vatanimizni ozod qilib, taraqqiyotga olib chiqishini bilishgan. Bu yerda xuddi ularning ovozlari eshitilgandek bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Shular haqda so‘zlar ekan, Prezidentimiz Qur’oni karimdagi oyatni yodga oldi. “Oli Imron” surasining 169-oyatida: “Alloh yo‘lida halok bo‘lganlarni o‘lik, deb hisoblamang, ular tirikdir, Parvardigorlari huzurida rizqlanishmoqda” deya marhamat qilingan.

    Xalqimiz ozodligi, haqiqat va adolat yo‘lida o‘z jonini fido qilgan shahid ajdodlarimizning xotirasi ham hamisha barhayotdir.

    Davlatimiz rahbari hali bu tarix oxirigacha o‘rganilmagani, qatag‘on qurbonlarini aniqlash va xotirasini tiklash bo‘yicha izlanishlarni davom ettirish kerakligini ta’kidladi.

    – Butun dunyoda bir parcha qog‘oz bo‘sayam, qancha mablag‘ ketsayam, o‘zbek millatiga mansub hujjatlarni topinglar, deb topshiriq bergandim, – dedi Prezident. – Oxirgi yillarda yana qancha qatag‘on qurbonlari aniqlandi. Adolat nuqtai nazaridan qahramon bobolarimizning nomlarini tiklayapmiz. O‘tgan bir yil ichida O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan 235 nafar ana shunday vatandoshimiz oqlandi. Jadid bobolarimiz nomida muzeylar, maktablar tashkil qilyapmiz. Toshkent markazida Abdulla Qodiriy maktabi qurib, haykalini o‘rnatdik. Nima uchun? Odamlar o‘tganda ko‘rishi, “men kimlarning avlodiman” deb o‘ylashi, asarlarini bilishi kerak. Yoki Cho‘lponni tiklash qanday qiyin bo‘ldi? Bugun biz pastga tushinglar, xalqning ichiga boringlar, deyapmiz, xalqdan kuch olayapmiz. Cho‘lpon ham shunday degan. Bunday xayrli ishlarni to‘xtatmaslik kerak. Yangi kitoblar, filmlar chiqarish zarur.

    Davlatimiz rahbari bu yo‘lda izlanayotgan zahmatkash olimlarga, ziyolilarga minnatdorlik bildirdi. Jadidlarning hayoti va asarlarini televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlarga yetkazish, maktab darslarida bu mavzuga keng o‘rin berish zarurligi ta’kidlandi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ma’rifatparvar bobolarimizning ma’naviy merosini o‘rgatish bo‘yicha kafedra tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

    Ma’lumki, mustabid tuzum faqat jadidlarni yo‘q qilish bilan cheklanib qolmagan. O‘tgan asrning 80-yillarida ham minglab vatandoshlarimiz turli bo‘htonlar bilan qamoqqa olingan, xo‘rlangan.

    – Bugun ham yo‘lda o‘ylanib kelyapman. 30-yillarni eski tarix desa, “paxta ishi”-chi?! Yetakchilarimizni qatag‘on qilish uchun soxta ayblovlar o‘ylab chiqarishdi-ku. Boshqa respublikalarda yo‘qmidi kamchilik? Bunday alamli voqealarni hech qachon unutib bo‘lmaydi. Bugungiday bayramlarda, tinch-osoyishta kunlarda shularni ham yuragimizdan o‘tkazib, yoshlarimizga yetkazishimiz kerak, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

    Dunyo notinch bo‘lib borayotgani, bunday vaziyatda ogoh va vazmin bo‘lish kerakligi qayd etildi.

    – Ko‘rayapsizlar, dunyoda raqobat, tahdidlar kuchayib borayapti. Xavf yonimizda yuribdi. Bunga tayyor bo‘lish uchun hamisha ogoh bo‘lish zarur. Bugungi emin-erkin hayotimizga shukrona aytish bilan birga ertangi kunimizni mustahkam qilishimiz kerak. Qachon mustahkam qilamiz? Bilimli bo‘lsak. Agar bobolarimiz buyukligidan ruhlanib, har bir soha bo‘yicha ta’limni mukammal qilsak, manaman degan davlatdan kam joyimiz yo‘q. Bolalarimizni zo‘r o‘qitsak, natija biz kutgandan ham yaxshi bo‘ladi. Mustaqilligimiz barqaror va abadiy bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.

    Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat etildi. Allohdan o‘tganlarga rahmat, yurtimizga tinchlik va farovonlik tilab duo qilindi.