Shavkat Mirziyoyev paralimpiyachi sportchilarimiz bilan uchrashuv oʻtkazmoqda

    Hukumat 10 Sentabr 2021 2139

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Tokioda oʻtgan XVI Paralimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlari bilan uchrashuv oʻtkazmoqda.

    Marosimda parlament aʼzolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar, ustoz va murabbiylar qatnashmoqda.

    Davlatimiz rahbari musobaqa ishtirokchilari, ularning timsolida butun xalqimizni Oʻzbekiston terma jamoasining Paralimpiya oʻyinlarida qoʻlga kiritgan ulkan gʻalabasi bilan muborakbod etdi.

    – Sizlarga olgan orden-medallaringiz, koʻrsatgan jasorat va matonatlaringiz uchun katta rahmat aytaman. Hammamiz olis Tokio shahrida boʻlib oʻtgan XVI Paralimpiya oʻyinlarini katta hayajon va cheksiz faxr bilan kuzatib bordik. Barchangizga maʼlum, bu gal terma jamoamiz 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi. Ana shu qimmatli 19 ta medalning 11 tasi, shijoatli sportchi qizlarimiz tomonidan qoʻlga kiritilgani tariximizda misli koʻrilmagan voqeadir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Paralimpiya oʻyinlarida mamlakatimiz terma jamoasi 160 dan ziyod davlat oʻrtasida – oʻn oltinchi, Osiyo qitʼasi va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligida – toʻrtinchi, Markaziy Osiyoda esa – birinchi oʻrinni egalladi.

    Yapon zaminida gʻolib sportchilarimiz sharafiga har gal madhiyamiz yangrab, Vatanimiz bayrogʻi baland koʻtarilgani qalblarimizni cheksiz iftixorga toʻldirdi.

    Prezidentimiz sportchilarimizning Paralimpiya oʻyinlarida ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritishida avvalo ota-onalarining mehnati tengsiz ekanini taʼkidlab, ularga chuqur minnatdorlik bildirdi. Jumladan, tadbirda ishtirok eta olmayotgan sportchilar va ularning ota-onalariga ham rahmat aytib, ularning fidoyiligi koʻpchilik uchun oʻrnak ekanini taʼkidladi.