Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-aprel kuni Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi doirasida Pokiston Islom Respublikasi Senati Raisi Yusuf Rizo Gʻiloniy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Prezident Asif Ali Zardariy va Bosh vazir Shahboz Sharifning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekiston-Pokiston strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzaro savdo hajmi, qoʻshma korxonalar va toʻgʻridan-toʻgʻri parvozlar soni ortmoqda, ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokida biznes forumlari va koʻrgazmalar muntazam oʻtkazilmoqda.
Yaqinda Oʻzbekistonga amalga oshirilgan oliy darajadagi tarixiy tashrif davomida erishilgan kelishuvlarning samarali ijrosini taʼminlashda parlamentlarning rolini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Savdo-iqtisodiyot, investitsiya va transport sohalaridagi ustuvor loyiha hamda dasturlarni jadallashtirish, shu jumladan Transafgʻon yoʻli qurilishini ilgari surish, shuningdek, hududlararo hamkorlik va gumanitar almashinuvni kengaytirish muhimligi qayd etildi.