Shavkat Mirziyoyev Qarshidagi sanoat loyihalari bilan tanishdi

    Hukumat 25 Oktabr 2023 4082

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni Qarshi shahridagi “Qavali” kichik sanoat zonasida joylashgan bir qator korxonalar bilan tanishdi.

    Sanoat zonasining yer maydoni olti gektar bo‘lib, muhandislik infratuzilmasi yaxshi tashkil etilgan, transportga juda qulay. Shu bois ishlab chiqarish jadal rivojlanmoqda.

    Hozir bu yerda qurilish materiallari, mebelsozlik, to‘qimachilik, farmatsevtika va charm sanoati yo‘nalishidagi 11 ta loyiha joylashtirilgan. Shundan to‘rttasi ishga tushirilgan bo‘lib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlanmoqda.

    Davlatimiz rahbari ulardagi ish jarayonini, mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi.

    “Pegas” korxonasida temirni qayta ishlash, lak-bo‘yoq, eshiklar hamda tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu loyihaning qiymati 13 milliard so‘mdan ziyod bo‘lib, bu yerda 150 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Korxona mahsulotlariga ichki bozorda talab yuqori. Keyingi bosqichda qurilish sohasida muhim sanalgan boshqa xomashyolar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada yana shuncha yangi ish o‘rni yaratiladi.

    “1-son kompleks loyiha qurilish-montaj” xususiy korxonasi ham qurilish materiallariga ixtisoslashgan. Umumiy qiymati 18,5 milliard so‘m bo‘lgan mazkur loyiha yiliga qariyb 2 million kvadrat metr profnastil va 250 ming kvadrat metr sendvich panellar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxonada hozirda 45 kishi mehnat qilmoqda. Mahsulot hajmi ortishi evaziga kelgusida ish o‘rinlari soni ortishi mo‘ljallanmoqda.

    “Karshi W and D Factory” korxonasida 50 turdagi eshiklar, yumshoq va qattiq mebellar ishlab chiqariladi. Bu loyihaga 8,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, Germaniya, Turkiya va Xitoydan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatilgan. Korxonada 26 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

    Sanoat zonasida yana yettita investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Ular ishga tushsa, yana 725 nafar aholi bandligi ta’minlanadi.

    Prezidentimiz shu yerda Xitoy davlatidan keltirilgan zamonaviy avtobus va mikroavtobuslarni ko‘zdan kechirdi. Tadbirkor Narzullo Namozovning aytishicha, 60 o‘rinli avtobuslarga talab yuqori. Qashqadaryoga undan 30 ta olib kelingan, jami 100 taga yetkazish rejalashtirilgan. Kelgusida bunday qulay avtobuslar Qarshi – Shahrisabz va Qarshi – Kitob yo‘nalishlarida qatnay boshlaydi.

    Davlatimiz rahbari hunarmand-tadbirkor Dilorom Quvvatova bilan ham muloqot qildi. Uzoq yillar xorijda ishlagan bu ayol tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlarni eshitib, yurtimizga qaytib kelgan. Bugun uning boshchiligida tikilayotgan ko‘rpa-yostiq, to‘n va boshqa mahsulotlar vohada xaridorgir.

    D.Quvvatova tadbirkorlik uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan mamnunligini, kelgusida ish o‘rinlarini 300 taga yetkazishni maqsad qilganini aytdi.

    Shu yerda Qashqadaryo viloyatida 2024-yilga mo‘ljallangan investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Xususan, kelgusi yil to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoya va kreditlar evaziga jami 4 milliard dollarlik 36 ta yirik loyiha, 656 million dollarlik 114 ta hududiy loyiha shakllantirilgan. Ular neft-gaz, kimyo, to‘qimachilik, charm-poyabzal va qurilish sanoati, turizm, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida bo‘lib, asosan, mahalliylashtirish va qayta ishlashdagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga qaratilgan.