Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Respublikasi mustaqilligiining 30 yilligi munosabati bilan qutlov yoʻlladi

    Hukumat 16 Dekabr 2021 1859

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Respublikasi mustaqilligiining 30 yilligi munosabati bilan mamlakat Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev va Prezident Qasim-Jomart Toqayevga qutlovlar yoʻllab, ularga va qardosh Qozogʻiston xalqiga oʻzining eng ezgu tilaklarini bildirdi.

    Maktublarda oʻtgan davr mobaynida mamlakatda barqaror oʻsishni taʼminlashga qaratilgan tizimli va keng qamrovli islohotlar natijasida bugungi kunda doʻst Qozogʻiston davlati barcha sohalarda yuksak taraqqiyotga erishayotgani qayd etilgan.

    “Asrlar davomida xalqlarimiz oʻrtasida davom etib kelayotgan oʻzaro ahillik, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari soʻnggi yillarda yanada mustahkamlanib borayotgani bizni ayniqsa quvontiradi”, deb taʼkidladi davlatimiz rahbari.

    Prezidentimiz joriy yil 5-6-dekabr kunlari Qozogʻistonga amalga oshirilgan davlat tashrifi davomida kechgan ochiq va sermahsul muzokaralarni alohida qayd etdi.

    Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisida imzolangan deklaratsiya, samarali muloqot mexanizmlarini yaratish tashabbuslari, qator yirik qoʻshma loyihalar boʻyicha erishilgan muhim kelishuvlar, kelgusi yilning mamlakatimizda Qozogʻiston yili deb eʼlon qilinishi, hech shubhasiz, yaqin doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik ruhidagi aloqalarimizni sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirgan.

    Maktublar yakunida Elboshi Nursulton Nazarboyev va Prezident Qasim-Jomart Toqayevga sihat-salomatlik, tuganmas kuch-quvvat va yangi zafarlar, birodar Qozogʻiston xalqiga esa tinchlik-omonlik, farovonlik, baxtu-saodat va doimiy taraqqiyot tilaklari izhor etilgan.