Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishi boshlandi

    Hukumat 13 Yanvar 2022 2901

    Oʻzbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

    Bu haqda Prezident matbuot kotibi xabar berdi.

    "Vatan himoyachilari kuni arafasida Qurolli Kuchlarimiz va harbiy-maʼmuriy sektorlar faoliyati samaradorligini tahliliy koʻrib chiqish va kelgusidagi dolzarb vazifalarni belgilab olish yaxshi anʼanaga aylangan.

    Ushbu majlis ulugʻ sana – Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining shonli 30 yilligi arafasida oʻtkazilmoqda”, dedi davlatimiz rahbari hamda yigʻilganlarni, Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilayotgan barcha harbiylarimiz va soha faxriylarini bayram bilan samimiy tabrikladi.

    Shuningdek, yigʻilishda Prezident Qurolli Kuchlarimizning shakllanishi va isloh qilinishi haqida ham soʻz yuritdi:

    — Albatta, Qurolli Kuchlarimizning shakllanish jarayoni dunyoda va mintaqamizda murakkab harbiy-siyosiy vaziyat hukm surgan davrga toʻgʻri keldi.

    Islohotlarimiz natijasida mamlakatimiz xavfsizligi va xalqimiz osoyishtaligini taʼminlashga qodir boʻlgan, har tomonlama zamonaviy qurollangan, qudratli armiyamiz shakllanmoqda.

    Biz 2016-yilda Qurolli Kuchlarimiz faoliyatini chuqur oʻrgangan holda, harbiy qurilishning barcha yoʻnalishlari boʻyicha muhim qarorlar qabul qildik. Va besh yillik istiqbolga moʻljallangan, kechiktirib boʻlmaydigan kompleks choralarni koʻrdik.

    Aniq maqsadga qaratilgan ana shunday ishlar natijasida, armiyamiz qiyofasi ham, harbiy xizmatning maʼno-mazmuni ham tubdan oʻzgarmoqda. Qoʻshinlarning jangovar shayligi va tayyorgarlik darajasi keskin oshmoqda, — dedi davlatimiz rahbari.