Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼziyali xonadonga tashrif buyurib, marhumning farzandlari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Rustam Sobirovich Qosimov 1955-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. Toshkent davlat universitetining sharqshunoslik fakultetida oʻqib, mehnat faoliyatini Toshkent suv xoʻjaligi institutida arab tili tarjimonligidan boshlagan. Koʻp yillar oliy taʼlim sohasida turli vazifalarda ishlagan. 2004-2009-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari sifatida fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy sohalar rivojiga hissa qoʻshgan. Oxirgi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori vazifalarida ishlab kelayotgan edi.
R.Qosimovning koʻp yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanib, 2006-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.
Davlatimiz rahbarining koʻngil soʻrashi ogʻir damda marhumning oilasiga hamdardlik, katta dalda boʻldi.
Qurʼon oyatlari tilovat etilib, duo qilindi.
Prezidentimiz marhumning ezgu ishlarini yodga oldi.
– Juda qaygʻudaman. Qoʻlimizdan kelganini qildik. Xudoning irodasi ekan. Vatanga sadoqatli, fidoyi, aqlli, millatimizning ziyolilaridan birini yoʻqotdik. Biz juda koʻp yillari birga ishlaganmiz, ogʻir kunlarimiz ham boʻlgan. Hozir ham menga eng katta yordamchi, maslahatgoʻy edi. Ilohim, joylari jannatda boʻlsin. Ishlarini farzandlari davom ettirsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Marhumning oilasi, farzandlari doimiy eʼtiborda boʻlishi taʼkidlandi.














