Shavkat Mirziyoyev: Shukronalik - eng ezgu qadriyat

    Hukumat 8 Oktabr 2021 7247

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz shahridagi Guliston mahallasida boʻldi.

    Soʻnggi yillarda bu yerda yangi uylar, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, bolalar oʻyingohlari barpo qilindi. Hovlilarda yashovchilar yerdan unumli foydalanib, dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik bilan shugʻullanadi.

    Davlatimiz rahbari shu yerlik Saydulla Mirzayev xonadoniga kirib, oilaning yashash sharoitlari bilan tanishdi.

    Oila boshligʻi uzoq yillar choʻponlik qilgan. Turmush oʻrtogʻi Hosiyat aya bilan 6 nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazgan.

    Xonadon obod. Tomorqadagi issiqxonada limon koʻchatlari ekilgan.

    - Surxondaryo - Xudo bergan zamin. Bu yerda qishloq xoʻjaligidan bir yilda uch marta hosil olish mumkin.

    Shundan foydalanib, rivojlangan davlatlardan texnologiya olib kelib, mahsulotlarga bozor topishimiz kerak. Bu ham qoʻshimcha daromad, yangi ish oʻrinlari boʻladi, - dedi Prezident.

    Saydulla ota bugungi kunda oʻgʻli tadbirkor, kelini shifokor boʻlib ishlayotgani, nevaralari yaxshi taʼlim olayotgani, turmushiga shukr qilishini aytdi.

    - Shukronalik - eng ezgu qadriyat, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Hozir yashash uchun ham, oʻqish, ishlash uchun ham hamma sharoit bor. Eng avvalo, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik boʻlishi kerak.

    Davlatimiz rahbari Termiz shahrining Manguzar mahallasida qurilgan zamonaviy koʻp qavatli uylarni ham koʻzdan kechirdi.

    Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi nihoyasiga yetdi. Davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.