Uchrashuv Fargʻona viloyati Bagʻdod tumanidagi yangi aholi turar-joy massivida boʻlib oʻtmoqda.

Shavkat Mirziyoyev: Sizlardan iltimosim, kimda qanday taklif boʻlsa, aytsangiz, menga oson boʻladi. Saylovoldi dasturimiz mukammal boʻladi. Fargʻona eng katta viloyatlardan biri. Gaplashadigan gapimiz koʻp.

“Biz 5 yilda nimadan qutuldik? Qoʻrquvdan. Tadbirkorlar bilan koʻrishdim, ular shunday deyapti. Namanganlik tadbirkor 80 million dollar aylanma mablagʻim bor deyapti. Avval 8 ming dollar boʻlganidayoq nazoratga olinardi”

Saylovda hamma oʻz yuragiga qarab tanlov qilsin. Kimni istasangiz shuni saylang. Faqat oldingidek bir kishi butun oilaning pasportini olib borib saylab kelmasin. Ongli ravishda boʻlsin. Demokratik yoʻldan ketishimizni butun dunyo hamjamiyatiga namoyish etamiz, deb ishonaman".- Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev saylovchilar bilan uchrashuvda dastlab jadidlarni tilga oldi:

- Oʻtgan asrda 100 ming yurtdoshimiz qatagʻon qilingan. Ular bilgan, ikkita Renessansni qila olgan xalqning ziyolilarini atay yoʻq qilgan. Biz yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga harakat qilyapmiz. Hech shubhasiz, agar mustamlaka tuzumining qatagʻon siyosati boʻlmaganida, ushbu Renessansni maʼrifatparvar jadid bobolarimiz yaratgan boʻlar edi.

Shavkat Mirziyoyev Fargʻona jadidlarining maʼnaviy otasi -Zokirjon Furqat ijodini keng ommalashtirish Qoʻqon shahri markazidagi Furqat bogʻida shoirning haykalini oʻrnatish boʻyicha taklif bildirdi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Ashurali Zohiriyni yodga oldi:

- Yurtimizda ilk bor “Oʻzbek tili” darsligini yaratgan atoqli olim, jurnalist va tarjimon, jamoat arbobi Ashurali Zohiriy boʻlganini sizlar albatta yaxshi bilasizlar. Butun umrini el-yurtni, millatimizni maʼrifatli va madaniyatli qilishga bagʻishlagan, 1937-yili “xalq dushmani” sifatida qatagʻon qurboni boʻlgan bu betakror insonning xotirasini munosib qadrlash, nomini abadiylashtirish uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsak, oʻylaymanki, tarixiy adolat qaror topadi.