Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida yigʻilganlarni yaqinlashib kelayotgan Navroʻz bayrami bilan tabrikladi. Toshkent viloyati mamlakatimiz taraqqiyotida yetakchi oʻrin tutishini taʼkidladi.
- Toshkent viloyatida sanoat, qishloq xoʻjaligi, savdo, xizmat koʻrsatish boʻyicha ulkan salohiyat bor. Shuning uchun viloyatga juda katta marra qoʻyganmiz. Lekin, shunga yarasha natija sezilmayapti, oʻrta boʻgʻin rahbarlari “aravani tortolmayapti”. Endi bizga faqat paxta, gʻalla deb yuraveradigan hokimlar kerak emas. Paxta bilan gʻallani manfaat qilishi kerak. Hokim esa hozirgi zamonga munosib, ustuvor yoʻnalishlarni yaxshi biladigan va joy-joyiga qoʻyadigan, viloyatdagi 2 million 994 ming aholini rozi qiladigan boʻlishi zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi. Davlatimiz rahbari Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Davron Xidoyatov nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.
D.Xidoyatov 1976-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. 1996-2009-yillarda bank tizimida, 2014-yilgacha avtosanoat tarmogʻida faoliyat yuritgan. 2014-2020-yillarda Xususiylashtirish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi, Chilonzor tumani hokimi, Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan.
Xalq deputatlari, viloyat faollari soʻzga chiqib, nomzod haqida fikrlarini bildirdi. Ovozga qoʻyish natijalariga koʻra, Davron Xidoyatov Toshkent viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.