– Biz joylardagi muammolarni hal qilish boʻyicha deputatlar, tuman kengashlariga juda katta vakolatlar berganmiz. Shunday tizimga oʻtamizki, har bir kengash rahbari hokim boʻlmaydi. Kengashga saylangan deputat unga rahbar boʻladi. Viloyat hokimi ham viloyat kengashining rahbari boʻlmaydi. Ijro organi rahbari – tuman, shahar kengashlariga hisobot beruvchi. Bu tizimni ongimizga singdirmaganimiz uchun, odamlar oʻrgansin deb uni ushlab turibman. Har bir viloyat, tuman va shaharda vazirlik va respublika idoralarining vakillari bor. Lekin ular haligacha quyi pogʻonaga hisobot berishni oʻrganmagan. Bizning ijro organimizdagi eng katta kamchilik shu. Bu organlar vakillari yuqori tashkilotiga suyanib oʻz bilganicha ishlab yuribdi. Bu zamon tugagan.
Bugungi qoʻygan maqsadimiz – avvalo har bir xonadonning birini ikki qilish, iqtisodiy barqarorligini taʼminlashimiz kerak. Koʻp harakat, hisob-kitoblar qilayapmiz. Lekin ongli ravishda jamiyatda xalqa xizmat qilish nuqtayi nazaridan ijro organlari rahbarlari uygʻonmayapti.
Baribir viloyat, tuman, shahar hokimlarini xalq saylaydi, qanday ogʻir boʻlmasin shu kunga kelamiz. Xalq joylardagi hokimiyat vakillaridan hisobot talab qilsa, vaziyat oʻzgaradi, – dedi Prezident.