Aholi oʻrtasida keng tarqalgan yurak-qon tomir, endokrin, buyrak yetishmovchiligi va onkologik kasalliklarni kamaytirish maqsadida, alohida dasturlar qabul qilinadi.

Reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar, bolalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatish tizimi takomillashtiriladi. Birinchi bosqichda 46 ta tumanlararo perińatal markazlari barpo etiladi.

Nogironligi boʻlgan oʻgʻil-qizlarimizni sogʻlomlashtirish uchun Respublika bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi va uning filiallari tashkil qilinadi.

Ikkinchidan, xususiy tibbiyotni yanada rivojlantirish maqsadida, ularga soliq imtiyozlari berish davom ettiriladi.

Tibbiy xizmatlardagi xususiy sektorning ulushi hozirgi 12 foizdan 25 foizga yetkaziladi.

Shuningdek, 11 ta tibbiyot oliygohi transformatsiya qilinib, ularning qoshida klinikalar tashkil etiladi hamda oʻqituvchilarning ilgʻor xorijiy davlatlarda tizimli malaka oshirishi yoʻlga qoʻyiladi.

Uchinchidan, oʻzimizda ishlab chiqarilgan dori-darmon va tibbiyot vositalarining miqdori 80 foizga yetkaziladi.

Ushbu tarmoqdagi ishlab chiqaruvchilarga berilgan imtiyozlar yana 5 yilga uzaytirilib, zamonaviy farmatsevtika klasterlari hamda zonalari tashkil etiladi va mavjudlari yanada rivojlantiriladi.