баннер
23 Mar 2025
01:02

    Shavkat Mirziyoyev mahalladagi bayram saylida qatnashdi

    Yurtimizning barcha joylarida Navroʻz ayyomi koʻtarinki ruhda kutib olinmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-mart kuni Bektemir tumani Rohat mahallasiga tashrif buyurib, bayram saylida qatnashdi.

    Xizmat koʻrsatish va savdoga ixtisoslashgan mahallada 4 ming nafar aholi yashaydi. Bandlikni taʼminlash boʻyicha yangi tizimga muvofiq, banklar ishtirokida mahallaning ichki imkoniyatlari yuzaga chiqarilmoqda. Oʻtgan yili yuzga yaqin aholi ishga joylashtirilgan, 256 nafari oʻzini oʻzi band qilgan, 13 nafari tadbirkorlik faoliyatini boshlagan. Ikkita ishlab chiqarish korxonasi, oʻnlab savdo va maishiy xizmat shoxobchalari odamlarga qulaylik yaratmoqda.

    Prezidentimiz ushbu korxonalarni koʻzdan kechirdi.

    Mahallada koʻchalar obod, xonadonlar saranjom-sarishta. Taʼlim va tibbiyot muassasalari, sport maydonchalari, oʻquv markazi, amfiteatr, hunarmandlar va axborot-kutubxona markazlari faoliyat yuritmoqda. Hozir, ayniqsa, nuroniylar maskani gavjum.

    Davlatimiz rahbari ushbu maskanda tashkil etilgan sumalak saylida qatnashdi, mahalla faollari, nuroniylar bilan samimiy suhbatlashdi. Muloqotda joriy yilgi rejalar, jumladan, tinchlik-osoyishtalikni saqlash, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, yangi ish oʻrinlari yaratish haqida soʻz yuritildi.

    – Mahallangizdagi obodlikni, odamlarning kayfiyatini koʻrib, mamnun boʻldim. Vaqti bilan barcha tumanlardagi imkoniyatlarni oshiramiz. Buning uchun eng asosiysi – tinchlik-ahillik kerak. Ilgari chegaralarimizda vaziyat qanday edi? Vazminlik bilan, siyosiy iroda bilan hamma masalalarga yechim topayapmiz. Barcha ishlarni quyi tizimda tashkil qilganimiz uchun 10 mingga yaqin mahallaning holati yaqqol namoyon. “Mahalla yettiligi” orqali xonadonga yetib borilayapti. Odamlarning daromadini oshirish, kambagʻallikni qisqartirish, yoshlar siyosatida hali ishlarimiz koʻp. Shuning uchun taʼlimga, oʻgʻil-qizlarni oʻqitishga katta eʼtibor berishimiz kerak. Yoshlari bilimli va maʼnaviyatli jamiyat, albatta, farovonlikka erishadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Rohat mahallasida umumtaʼlim maktabi, bolalar musiqa va sanʼat maktabi, “Barkamol avlod” markazi, akademik litsey faoliyat yuritmoqda. Yaqinda yangi maktabgacha taʼlim tashkiloti qurib bitkazildi. Bular ham yoshlar maʼrifatini oshirishga xizmat qiladi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech