Toshkent hokimi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar erishilgan strategik hamkorlik asosida rivojlanib borayotganini taʼkidladi. Shuningdek, koʻp yillik doʻstlik va qardoshlik rishtalariga asoslangan hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Musa Jamanbayev soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda xalq farovonligi va barqaror taraqqiyot yoʻlida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilganini aytdi. Uning taʼkidlashicha, Toshkentdagi zamonaviy qurilishlar, aholining turmush darajasi, shuningdek, sayyohlarning madaniy hordiq chiqarishi va dam olishi uchun yaratilgan imkoniyat va sharoitlar yuqori surʼatlarda oʻsib boryapti.
Toshkent va Bishkek hamda Oʻsh shaharlari oʻrtasida birodarlik aloqalarini oʻrnatish muhimligini aytib, mamlakatlarimiz shaharlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ijtimoiy, investitsiyaviy va boshqa loyihalarni faollashtirish, shuningdek, oʻzaro manfaatli shahar delegatsiyalari tashriflarini amalga oshirish taklifini bildirdi.
Shavkat Umurzakov Qirgʻiziston elchisining taklif va tashabbuslari Toshkent uchun muhim ekanini taʼkidlab, barcha yoʻnalishlarda birgalikda ishlash, mavjud munosabatlarni har tomonlama kengaytirish va rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar eng samarali yechimlarga erishish uchun amaliy muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.