Shaxmat Olimpiadasi: Oʻzbekiston bronza medalni qoʻlga kiritdi

    Vengriya poytaxti Budapesht shahrida boʻlib oʻtayotgan Butunjahon shaxmat Olimpiadasida 11-tur bellashuvlari yakunlandi.

    Ushbu yakuniy turda Oʻzbekiston erkaklar jamoasi Fransiya bilan bahsda gʻolib chiqdi. Qizlar jamoasi esa Turkiya ustidan gʻalaba qozondi.

    Musobaqa yakuniga koʻra, Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi yakuniy jadvalda 3-oʻrinni egalladi. Qizlar terma jamoasi esa yakuniy jadvalda 12-pogʻonani band etdi. Oʻzbekiston terma jamoasi qoʻshimcha koʻrsatkichlar evaziga Xitoy, Ukraina, Polsha, Bulgariya, Argentinadan ortda qoldi.

    Shuningdek, taxtalar kesimida, 1-taxtada Nodirbek Abdusattorov 2-oʻrin va kumush medalni, 4-taxtada Shamsiddin Vohidov 1-oʻrin va oltin medalni qoʻlga kiritdi.

    Ayollar bahslarida 4-taxtada Nodira Nodirjonova 3-oʻrin va bronza medalni qoʻlga kiritdi.

    Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston vakillari Butunjahon shaxmat Olimpiadasining amaldagi chempioni sanalardi. Endi bu nom Hindistonga oʻtdi. 2026-yilgi olimpiadaga esa Toshkent mezbonlik qiladi.