Nega tizimlarga kirishda murakkab parol shart?

Tasavvur qiling, uyingiz eshigi ochiq qolsa, xafv ortadi, to‘g‘rimi? Raqamli dunyoda "12345" yoki tug‘ilgan yilingiz kabi oddiy parollar — bu ochiq qolgan eshikdek gap!

Murakkab parol nima uchun kerak?

Hujumdan himoya: Oddiy parollarni maxsus dasturlar bir necha soniyada topa oladi. Murakkab parolni (belgilar, raqamlar va turli registrdagi harflar aralashmasi) buzish uchun esa yillar kerak bo‘lishi mumkin.

Identifikatsiya xavfsizligi: My.gov.uz orqali sizning nomingizdan ko‘plab davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Parol kuchli bo‘lsa, begonalar sizning nomingizdan ariza bera olmaydi yoki ma’lumotlaringizni ko‘ra olmaydi.

Zanjirli reaksiya: Agar barcha tizim va saytlarga kirishda bir xil va oddiy parol ishlatsangiz, bitta tizim buzilishi bilan barcha akkauntlaringiz xavf ostida qoladi.

Xavfsizlik bo‘yicha 3 ta oltin qoida:

Parol formulasini yarating: Kamida 12 ta belgidan foydalaning. Unda katta va kichik harflar, raqamlar va maxsus belgilar bo‘lsin.
Ikki bosqichli autentifikatsiyani yoqing: Parolni bilsalar ham, telefoningizga kelgan kodsiz tizimga kira olishmasin.
Shubhali havolalarga ishonmang: "Sizga subsidiya chiqdi" yoki "Ma’lumotlaringizni yangilang" degan yolg‘on xabarlardagi havolalarni ochib, parolingizni kiritmang!

Eslatib o‘tamiz: O‘zingizni va ma’lumotlaringizni  himoya qiling!

Shuningdek, nomingizga firibgarlar tomonidan kredit rasmiylashtirilishidan xavotirda bo‘lsangiz, my.gov.uz portalida "Kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yish" xizmati (https://my.gov.uz/uz/service/1242) orqali kredit berilishini cheklab qo’ying.