Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni davlat idoralari va tashkilotlarida ijro intizomini yana-da mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Farmonda vazirlar, davlat qoʻmitalari raislari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, barcha darajadagi hokimlar qoʻyilgan talablarning soʻzsiz, oʻz vaqtida va natijali bajarilishi uchun shaxsan javobgar etib belgilanishi esa masʼuliyat hissini bir necha barobar oshiradi.

Taʼkidlash joizki, avvallari aynan rahbar xodimlarning shaxsiy javobgarlik tizimi mukammal boʻlmagani natijasida berilgan topshiriqlar ijro etilmasligi yoki muddati oʻtib bajarilishi kabi holatlar kuzatilar edi.

Prezidentimiz farmoni bilan bunday holatlarning oldi olinmoqda. Bugungi zamon talabi boshqacha, bugungi rahbar masʼuliyati yuksak. Chunki davlat hokimiyatining jamiyat oldidagi eng asosiy vazifasi sifatida aholi hayoti darajasi va sifatini oshirish boʻyicha islohotlarning natijadorligi bevosita ularni amalga oshirishga qaratilgan hujjatlar, qarorlarni ijro etish boʻyicha intizomning qatʼiyligiga bogʻliq. Aynan davlat idoralari va tashkilotlaridagi ijro intizomi holatidan kelib chiqib har bir tarmoqning rivojlanish darajasiga baho berish mumkin.

Shu maʼnoda bugun Transport vazirligi tizimi ham jiddiy oʻzgarishlarga uchrayotganini aytmoqchiman.

Mamlakatimizda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlashdagi eng muhim tarmoqlardan biri transport tizimidir. Aynan ushbu tizim infratuzilmasini rivojlantirish, sohaga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali transportning barcha turlarida koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, yuk va yoʻlovchi tashish hajmini koʻpaytirish, mamlakatimizning tranzit salohiyatini kengaytirish va uning imkoniyatlaridan oqilona va samarali foydalanish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biridir.

Qayd etish joizki, soʻnggi yillarda bevosita davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimiz transport tizimi jahon talablari darajasida faoliyat yuritishini taʼminlash maqsadida keng koʻlamli islohotlar kechmoqda.

Bu jarayonda asosiy vazifamiz, yuqorida taʼkidlaganimizdek, ijro intizomini taʼminlash, har birimiz oʻz vazifamizga sidqidildan yondashish. Shu maqsadda Prezidentimiz farmonida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda Transport vazirligida ham ijro intizomini yana-da mustahkamlash boʻyicha qator ustuvor yoʻnalishlar belgilab olindi. Ular sirasiga quyidagilarni kiritish mumkin:

birinchi yoʻnalish - qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar loyihalari tayyorlanishi ustidan shaxsiy nazoratni tashkil etish;

ikkinchi yoʻnalish - qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrochilarga tezkor yetkazilishi, shu jumladan, ularda qoʻyilgan vazifalarning mohiyati va ahamiyatini Transport vazirligi, tizim tashkilotlari va hududiy transport boshqarmalari xodimlariga tushuntirish, nazorat bandlari va topshiriqlarda aniq mexanizmlar, muddatlar va masʼullar belgilanishi boʻyicha “yoʻl xaritalari” – harakat rejalari oʻz vaqtida ishlab chiqilishi ustidan shaxsiy nazoratni taʼminlash;

uchinchi yoʻnalish - qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi amalda nazorat qilinishini shaxsan tashkil etish, “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida oʻz vaqtida hisobot berilishiga alohida eʼtibor qaratish;

toʻrtinchi yoʻnalish - qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar oʻz vaqtida, toʻliq va natijali ijro etilishi shaxsan tanqidiy tahlil qilinishini taʼminlash, qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirish va moʻljallangan maqsadlarga erishish.

Shuningdek, vazirlik hayʼati qarori bilan farmon ijrosini
taʼminlash, undagi vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishini nazorat qiluvchi ishchi guruh tarkibini shakllantirish, qonunchilik hujjatlari hamda topshiriqlarning amalga oshirilishi boʻyicha nazorat va hisobot berilishini tashkil etish tartibini belgilash, ishlarni tashkil qilish, ijro intizomini mustahkamlashning asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish yuzasidan harakatlar rejasi tasdiqlandi.

Xususan, vazirlikka tushayotgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi oʻz vaqtida, sifatli bajarilishi boʻyicha har haftaning dushanba kuni vazir, juma kuni vazir oʻrinbosarlari tomonidan shaxsan masʼul ijrochilar bilan muhokama oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Farmon talablari hisobga olingan holda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi holatini kompleks oʻrganish oʻtkazildi hamda oʻrganish yakuni boʻyicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va muammoli masalalarni joyida hal etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasining masʼul xodimlari tomonidan amaliy yordam koʻrsatildi.

Taʼkidlash joizki, vazirlikning tegishli boʻlinmasi tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi uchun masʼul ijrochilar faoliyati muntazam ravishda nazorat qilib borilmoqda. Jumladan, oʻz vaqtida bajarilishida kechikish xavfi yuzaga kelgan muammoli masalalar, topshiriq ijrosini amalga oshirishda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻyayotgan ijrochilarga qonunchilikda belgilangan tartibda chora koʻrish yuzasidan taklif kiritilayotir.

Ijro intizomini yana-da mustahkamlashda zamonaviy axborot texnologiyalari va boshqaruv uslublarini amaliyotga joriy etish, nazorat qilish hamda ijroni tekshirish shakllarini takomillashtirish muhim omil sanaladi.

Mazkur yoʻnalishda “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali elektron hujjat almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar oʻz vaqtida ijro etilishi nazorat qilib borilmoqda.

Ushbu tizim orqali har bir hujjat va topshiriqni qabul qilish, qisqa fursatda masʼul ijrochilarga yetkazib berish, topshiriqning ijro etilish holati real vaqt rejimida kuzatib boriladi. Mazkur avtomatlashtirilgan tizim samarasi oʻlaroq, Transport vazirligi, tizim tashkilotlari va hududiy transport boshqarmalarida hujjatlarni qogʻoz shaklida kelishish va imzolash amaliyotiga toʻliq chek qoʻyildi.

Shu bilan birga, ijroga tushgan hujjatlarni elektron raqamli imzodan foydalangan holda maxsus mobil ilova orqali koʻrib chiqish, ijroga yoʻnaltirish va nazoratdan chiqarish imkoniyatlari yaratilgan. Bu vazirlik tizimida ish yuritishni sezilarli darajada tezlashtirishga imkon berdi.

Ijroni nazorat qilish, nazorat kartotekalarini yuritish va hisobotlarni shakllantirish “Ijro.gov.uz” tizimida amalga oshirilishi juda qoʻl kelmoqda. Tizim orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjat va topshiriqlari, ularning bajarilish holati, muddati, tasdiqlash jarayoni kabi hisobotlarni ijrochilar boʻyicha shakllantirish imkoniyati mavjud.

Vazirlikka yuklatilgan topshiriqlar bajarilishini nazorat qilish, yangicha tizimni toʻliq tatbiq etish maqsadida barcha hududiy boshqarmalarda hamda tizim tashkilotlarida 2020-2021-yillarning oʻtgan davri mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Prezident farmonlari, qarorlari, farmoyishlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari ijrosi boʻyicha jami 8 ta (2020-yilda 6 ta, 2021-yil 1-choragida 2 ta) maqsadli va kompleks oʻrganish oʻtkazildi.

Mazkur oʻrganishlar jarayonida joylarda mavjud topshiriqlar ijrosini nazoratga olish elektron tizimi takomillashtirildi, masʼul xodimlar belgilandi hamda kiruvchi hujjatlarni roʻyxatdan oʻtkazish, nazoratga olish, ijrochilarga yetkazish va ijrosini taʼminlash jarayonlarining yangicha tartibi koʻrgazmali-taqdimot materiallari asosida tushuntirib berildi.

Ish yuritish va ijro intizomi buzilgani uchun jami 6 nafar mansabdor shaxs va mutaxassisga nisbatan qatʼiy intizomiy jazo choralari qoʻllanildi. Shu bilan birga, ijro intizomi masalasi vazirlik hayʼati yigʻilishida muntazam koʻrib borilmoqda.

Qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati haftaning belgilangan kunlarida onlayn shaklda vazirlikening barcha xodimlariga yetkazilmoqda. Shu bilan birga, haftalik oʻquv soatlari oʻtkazilib, natijasi vazirlik va tizimdagi tashkilotlarning rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashtirilmoqda.

Shuningdek, vazirlikdagi departament, boshqarma va tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirokida onlayn huquqiy oʻquv soatlari oʻtkazilmoqda. Natijada joriy yilning oʻtgan davri mobaynida soha xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasining 13 ta qonuni, Prezidentning 11 ta farmoni va 25 ta qarori, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 63 ta qaror va farmoyishi mazmun-mohiyati koʻrgazmali-taqdimot materiallari asosida tushuntirib berildi.

Har bir topshiriq va hujjat ijrosini amalda nazorat qilish, ularni oʻrganib chiqish, masʼullar belgilanishini taʼminlash ijro intizomi yana-da mustahkam boʻlishini taʼminlaydi.

Bugungi kunda mamlakatimiz transport tizimi ish faoliyatini takomillashtirish, koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqish, eng chekka hududlarda ham yoʻlovchilar va fuqarolarga zamon talablariga munosib darajada sharoit yaratib berish, yangi transport yoʻlaklarini tashkil etish orqali mintaqaviy va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatini yaratish Prezidentimiz tomonidan oldimizga qoʻyilgan eng ustuvor vazifadir.

Ushbu vazifalarning oʻz vaqtida, sifatli bajarilishi har bir rahbar va xodimdan shaxsiy javobgarlik, daxldorlik hissini toʻliq anglagan holda oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashishni talab etadi. Shu nuqtayi nazardan, vazirlik hamda tizimda faoliyat yuritayotgan rahbar va xodimlarning mustahkam ijro intizomiga amal qilishi, topshiriqlarning oʻz vaqtida bajarilishi doimiy nazorat qilib boriladi.

Ilhom MAHKAMOV,

Oʻzbekiston Respublikasi

transport vaziri