Qonun loyihasi aholining shaxsiy tomorqa er uchastkalaridan foydalanish munosabatlarida huquq va majburiyatlarni belgilaydi. Talablar belgilangan tartibda xususiylashtirilgan yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan er uchastkalariga tatbiq etilmaydi.

Qonun loyihasida shaxsiy tomorqa xo'jaligi (SHTX) tushunchasi berilgan. Bu aholi tomonidan o'zlariga tegishli bo'lgan er uchastkalarida qishloq xo'jalik mahsulotlarini erkin savdo hamda oila ehtiyojlari uchun etishtirish bilan bog'liq mehnat faoliyatidir.

Belgilanishicha, shaxsiy tomorqa xo'jaligini yuritish tadbirkorlik faoliyati hisoblanmaydi hamda uni davlat ro'yxatidan o'tkazish talab etilmaydi. Bunda shaxsiy tomorqa xo'jaligida faoliyat yuritayotgan shaxs o'z faoliyatini o'zini-o'zi band qilish tariqasida rasmiylashtirishi mumkin. SHTXda etishtirilgan va qayta tayyorlangan mahsulotlar uning egasining xususiy mulki hisoblanadi.

SHaxsiy tomorqa xo'jaliklarining reestri Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo'mitasi tomonidan ular haqidagi ma'lumotlarni elektron bazaga kiritish orqali yuritiladi.

Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari aholiga shaxsiy tomorqa xo'jaligi faoliyatini rivojlantirishga ko'maklashadi. Xususan, bu turli xizmatlar ko'rsatish, aholini yosh qoramol va parrandalar, urug'liklar, ko'chatlar ta'minlash, moliyaviy, agroservis va axborot-maslahat xizmati ko'rsatish, ijtimoiy himoya qilish masalalariga taalluqli.

Loyiha o'zgartirilishi, qo'shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Lola Abduazimova.