She'r va qo'shiqlarda Vatan madhi tarannum etildi

    Madaniyat 12 May 2022 2690

    Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryoga tashrifi vaqtida berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlash maqsadida viloyatning barcha mahallalarida, oliy ta'lim muassasalarida taniqli san'atkorlar, yozuvchi va shoirlar, kinoaktyorlar hamda ma'naviyat va ma'rifat targ'ibotchilari ishtirokida madaniy-ma'rifiy tadbirlar davom etmoqda.

    11 may kuni Qarshi shahridagi madaniyat saroyida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi va Qashqadaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan “She'r va qo'shiqlarda Vatan madhi” mavzusida madaniy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi. Unda Qarshi davlat universiteti va Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti talabalari xalqimiz sevgan shoirlar va san'atkorlar bilan uchrashdi.

    Tadbirda Yozuvchilar uyushmasi raisi, O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan turli jabhadagi islohotlar qatorida ma'naviyat-ma'rifat sohasiga ham katta e'tibor qaratilayotgani, ayniqsa, ijod ahliga ko'rsatilayotgan e'tibor va g'amxo'rliklar xususida so'zladi. SHoir talabalarga ona-Vatan, yurtga muhabbat, do'stlik, mehr-vafo va Vatan sog'inchi mavzusidagi she'rlaridan o'qib berdi.

    Shundan so'ng, Alisher Navoiy nomidagi O'zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori, taniqli adabiyotshunos olim Nurboy Jabborov hozirgi zamon o'zbek mumtoz she'riyati haqida xalqimizning sevimli shoiri Sirojiddin Sayyid ijodi xususida o'zining ilmiy qarashlarini ifoda etdi. Bugungi o'zbek adabiyotida kechayotgan adabiy jarayonlar haqida to'xtalib o'tdi.

    Tadbir nazm va navo kechasiga aylanib ketdi. O'zbekiston xalq artisti Og'abek Sobirov ijrosida yangragan sho'xchan taronalar talaba yigit-qizlarni raqsga chorladi. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Matyoqub Matchonov ayni paytda kino sohasida olib borilayotgan ishlar, o'zining ijodiy faoliyati to'g'risida so'zlab berdi.

    Kechada Sirojiddin Sayyid Qarshi davlat universiteti o'qituvchisi, yosh adiba Muyassar Tilovovaga Yozuvchilar uyushmasiga a'zolik guvohnomasini tantanali ravishda topshirdi. Tadbir so'nggida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Qarshi davlat universiteti kutubxonasiga badiiy kitoblar to'plami sovg'a qilindi.

    O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyati bo'limi