Oʻzbekiston va Ozarbayjon yosh ijodkorlari oʻrtasida oʻtkazilayotgan “Məclisi-fəramuşan” nomli xalqaro onlayn mushoirasi ham aslida ana shu ezgu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Mazkur mushoira Oʻzbekistonning Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi, Oʻzbekiston va Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi, “Oʻzbekiston – Ozarbayjon” doʻstlik jamiyati hamda Dunyo Yosh Turkiy Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida oʻtkazilib, unda har ikki mamlakatdan navqiron ijodkorlar qatnashmoqda.
Onlayn mushoiraning bu galgisini Oʻzbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Samir Abbosov kirish soʻzi bilan ochib, ikki xalqning adabiy va madaniy doʻstligi borasida oʻz fikrlarini bildirib, ushbu qadim mushoiraning tarixi haqida ishtirokchilarga soʻzladi.
– Ozarbayjonda 2022-yil “Shusha yili” deb eʼlon qilinishi munosabati bilan Oʻzbekistonda koʻplab tadbirlar va loyihalar rejalashtirilgan. Shu maqsadda oʻtkaziladigan sheʼriy uchrashuv XIX asrda Qorabogʻda oʻtkazilgan shoirlar majlisining davomi sifatida tashkil etilmoqda, – dedi markaz direktori Samir Abbosov oʻz soʻzida. – Mazkur mushoira orqali ikki qardosh xalqning azaliy rishtalari mustahkamlanishiga hissa qoʻshilmoqda.
Mushoira yakunida ozarbayjonlik va oʻzbekistonlik ijodkorlar ragʻbatlantiriladi, eng sara sheʼrlar esa toʻplam xolida chop etiladi. Shu kuni tilmochsiz bir-birini tinglagan, tushungan shoirlar qalbiga qadim turkiy tilning ohanglari sheʼr boʻlib kirdi.
Nargiza Asadova,
shoira