Sherobod quyosh elektr stansiyasi qurilishiga tamal toshi qoʻyildi

    Hukumat 1 Iyun 2021 7400

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-iyun kuni Surxondaryo viloyatiga kelib, Sherobod tumanidagi quyosh fotoelektr stansiyasi quriladigan maydonga bordi.

    Mamlakatimizda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyasiga tobora oʻsib borayotgan ehtiyojini taʼminlash maqsadida koʻplab energiya inshootlari barpo etilmoqda. Xususan, quyosh energiyasidan foydalanishga katta eʼtibor qaratilmoqdaki, bu anʼanaviy energiya resurslari cheklangan bugungi sharoitda va kelajakda muhim oʻrin tutadi.

    Joriy yilda Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar”, Fransiyaning “Total Eren” kompaniyalari tomonidan Navoiy va Samarqandda har birining quvvati 100 megavatt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushiriladi.

    Shunday zamonaviy stansiyalardan birini Sherobod tumanida qurish boʻyicha tender eʼlon qilingan edi. Tender savdolarini oʻtkazishda Osiyo taraqqiyot banki texnik va moliyaviy maslahatlari bilan ishtirok etdi.

    Loyihani amalga oshirishga 50 dan ortiq xalqaro kompaniya qiziqish bildirdi. Ikki bosqichli tanlovdan soʻng, Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi eng arzon tarif taklif etib, gʻolib boʻldi.

    Loyiha doirasida mazkur kompaniya tomonidan quvvati 457 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi quriladi. Shuningdek, 220 kVt kuchlanishli yangi nimstansiya va “Surxon” nimstansiyasiga ulanish uchun 52 kilometrlik elektr uzatish tarmogʻi barpo etiladi.

    Quyosh fotoelektr stansiyasi uchun 601 gektar maydon ajratilgan. “Masdar” kompaniyasi 260 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jalb qiladi. Stansiyaning yillik ishlab chiqarish hajmi 1,04 milliard kVt/soatni tashkil etadi. Buning natijasida yiliga 340 million kub metr tabiiy gaz tejalib, 300 mingta xonadon elektr energiyasi bilan taʼminlanadi.

    Fotoelektr stansiyasi qurilishida ming kishi, bitganidan keyin 120 nafar mutaxassis ishlaydi. Ushbu yirik inshootni 2023-yil avgustda ishga tushirish rejalashtirilgan.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda tejamkor va ekologik xavfsiz iqtisodiyotni taʼminlash boʻyicha qator ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.

    - Har bir kilovatt-soat elektr energiyasini 1,8 sent narxida sotib olish imkoniyati paydo boʻlib, bu respublikamiz iqtisodiyoti uchun juda katta yutuq va aholiga yengillikdir. Umuman olganda, ushbu stansiyaning barpo etilishi, unda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi va yangi infratuzilmalar viloyatning kompleks rivojlanishi uchun katta turtki boʻladi, - dedi davlatimiz rahbari.

    Shundan soʻng Prezident quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi munosabati bilan uning poydevoriga kapsula qoʻydi.

    Ushbu marosimda surxondaryolik nuroniylar, videokonferensiya orqali Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Ashok Lavasa , Birlashgan Arab Amirliklarining energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy ishtirok etdi.

    Ushbu loyiha Oʻzbekiston hukumati tomonidan Osiyo taraqqiyot banki koʻmagida amalga oshirilayotgan umumiy quvvati 1 GVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish dasturining bir qismi hisoblanadi.

    Shuningdek, Samarqand va Jizzax viloyatlarida quvvati 200 megavattdan boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyalari, Qoraqalpogʻistonning Beruniy va Qoraoʻzak tumanlarida quvvati 100 megavatli shamol elektr stansiyalari, Buxoro va Navoiyda umumiy quvvati bir yarim ming megavatt boʻlgan 3 ta shamol elektr stansiyalarini qurish boʻyicha kelishuvlar imzolangan.

    2030-yilga borib, mamlakatimizda quyosh elektr stansiyalari quvvatlarini 5 ming, shamol elektr stansiyalarini 3 ming va gidroelektr stansiyalar quvvatini 4 ming megavattga yetkazish maqsad qilingan.