Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniy otaxon va onaxonlar, yoshlar, yangi uylarning egalari ishtirok etgan tantanali tadbirda inson qadr-qimmati ulugʻlanayotgan mamlakatimizda ehtiyojmand xotin-qizlar, kam taʼminlangan oilalar va nogironligi bor yurtdoshlarimizni uy-joy bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani, hududlarda ijtimoiy turarjoy binolari barpo etilayotgani taʼkidlandi. Bu jarayonda saxovatpesha tadbirkorlar ham uy-joyga muhtoj, boquvchisini yoʻqotgan xotin-qizlar va nogironligi bor insonlarga mehr-muruvvat koʻrsatib, barcha sharoitlarga ega zamonaviy turar-joy binolari qurib berayotgani haqida soʻz yuritildi.
Sherobod tumanidagi Taroqli mahallasida qad rostlagan ikkita koʻp qavatli uyni ham mahalliy tadbirkor oʻz hisobidan bunyod etib, muborak Ramazon hayiti kuni uy-joyga muhtoj 40 ta oilaga hadya qildi. Zamonaviy uy quruvchisi barcha moʻmin-musulmonlar qalbi ezgulik, mehr-oqibat nuriga toʻlib turgan saodatli kunda ehtiyojmandlarga uy tuhfa qilgan tadbirkor nomini ochiqlamaslikni soʻradi. Aslida bu xislat ham azaliy qadriyatlari ulugʻ va goʻzal millatimizga xos yuksak fazilatdir.
–Ota-onamdan erta ajralib, momom va amakilarim qoʻlida kamolga yetdim, – deydi Bahor mahallasida yashovchi 37 yoshdagi Kamola Hasanova.– Yolgʻiz farzandman. Talaba boʻlganim uchun talabalar yotoqxonasida yashayotgan edim. Shunday keng, yorugʻ uyga bepul egalik qilishni tasavvur ham qilolmas edim. Ramazon hayiti kuni yangi uyli boʻlganimdan quvonchim cheksiz. Xonadonda barcha maishiy jihozlar mavjud. Muqaddas ayyomlarda bizdek koʻngli oʻksik insonlar qalbiga quvonch ulashayotgan davlatimizdan cheksiz minnatdormiz. Ilohim, bizga mehr-muruvvat koʻrsatayotgan qoʻli ochiq tadbirkorlarimizning ishlari yanada rivojlanib, topayotgan daromadlari yanada barakatli, roʻzgʻorlari serfayz, mamlakatimiz osuda, obod boʻlaversin!
Ikkita koʻp qavatli uydagi xonadonlar ikki va uch xonali boʻlib, ularning har biri yuksak did bilan zamonaviy usulda jihozlangan. Yangi uyning sohibu sohibalari shundoqqina kirib yashashlari uchun barcha sharoit yaratilgan. Yangi koʻrpa-toʻshakkacha muhayyo qilingan.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi U.Qosimov Prezidentimiz nomidan yangi uylarning sohibu sohibalariga xonadonlar kalitlarini tantanali topshirdi.
Saxovatpesha tadbirkor oʻtgan yili ham tumandagi 27 ta kam taʼminlangan uy-joyga muhtoj oilaga kottej uy qurib, hadya qilgan.