Bu boʻyicha Prezident “Aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan barqaror taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilab berildi.

Quyidagilar 2026 — 2027-yillarda respublikada issiqxonalar faoliyatini rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilandi:

  • Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda zamonaviy issiqxona majmualarini joylashtirish;
  • energiya tejamkor va muqobil energiya manbalariga asoslangan isitish tizimlari ulushini kamida 50 foizga yetkazish;
  • atmosfera havosiga zararli tashlamalar tashlayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini bosqichma-bosqich kamaytirish.

Qarorga koʻra, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi.

«Surxon-Agro« zonasi hududida faoliyat olib boradigan issiqxona xoʻjaliklariga quyidagi imtiyoz va preferensiyalar beriladi:

  • yer uchastkalari tadbirkorlarga elektron onlayn auksion orqali ijaraga berilganda 5-yil davomida ijara toʻlovining nol stavkasi qoʻllanadi;
  • issiqxonalarni sugʻorish va texnologik jarayonlar uchun ishlatiladigan oqova va yerosti suvlari uchun toʻlovlardan 3-yil muddatga ozod etiladi;
  • anomal sovuq ob-havo sharoitlari davrida, istisno tariqasida, belgilangan ekologik talablarga rioya qilgan holda koʻmir yoqishga ruxsat etiladi.