Sherzod Asadov “BBC World News”ning Yevroosiyo mamlakatlari boʻyicha vakili bilan uchrashdi

    Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov “BBC World News”ning Yevroosiyo mamlakatlari boʻyicha vakili Sergey Stanovkin bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    «Oxirgi uchrashuvimizdan buyon oʻtgan vaqt mobaynida “BBC” bilan hamkorlikda 10 ga yaqin loyiha amalga oshirildi. Ushbu xorijiy axborot telekanali resurslarida Buxorodagi zamonaviy sanʼat biyennalesi, Samarqanddagi UNESCO Bosh konferensiyasi sessiyasi tadbirlari va Oʻzbekistondagi boshqa muhim voqealar faol yoritib borildi«, — deb yozadi oʻzining telegramdagi sahifasida Asadov.

    Qayd etilishicha, suhbat chogʻida hamkorlikning istiqboldagi rejalari muhokama qilindi. Raqamli davr tahdidlari va sunʼiy intellekt texnologiyalarining jadal tarqalishi sharoitida masʼuliyatli jurnalistikani rivojlantirish alohida ahamiyatga ega ekanini taʼkidlandi.

    Jurnalistlarning professional standartlarini yanada mustahkamlash, faktcheking, tahlil koʻnikmalari va media savodxonligini oshirish zarurligi qayd etildi.