Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kasaba uyushmalari faollari va aʼzolariga chuqur hurmat va samimiy tilaklar izhor etilgan bayram tabrigini Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov oʻqib eshittirdi.
"Davlatimiz rahbarining qutlovida Yangi Oʻzbekistonda inson hayoti va qadr-qimmati qonun himoyasidaligi, kasaba uyushmalari esa bugungi kunda 8 million kishini birlashtirgan fuqarolik jamiyatining eng ommaviy instituti ekanligi taʼkidlangan.
Soʻnggi besh yil ichida kasaba uyushmalari fuqarolarning ijtimoiy va mehnat huquqlarini himoya qilishda sezilarli yutuqlarga erishdi. Besh yuz ming nafar xodimning huquqlari tiklandi, korxonalarda 20 mingta jamoatchilik nazorati tadbirlari oʻtkazildi, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi 21 mingdan ortiq kamchilik bartaraf etildi, 1 millionga yaqin xodim va ularning oila aʼzolari sanatoriylarda sogʻlomlashtirildi, 800 ming nafar bola uchun yozgi dam olish tashkil etildi.
Xalqaro hamkorlik faol rivojlanmoqda: Kasaba uyushmalari federatsiyasi oʻnga yaqin global va mintaqaviy tashkilotlarga aʼzo boʻldi.
Prezidentimiz tabrigida kasaba uyushmalari faollari ijtimoiy adolatni mustahkamlash, odamlarning turmush sifatini yaxshilash va fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilishga bundan buyon ham munosib hissa qoʻshishlariga ishonch bildirildi," — deyiladi Sherzod Asadov telegram kanalida.












