Bayram munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbarining oʻzbek xalqiga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi.
Tabrikda soʻnggi sakkiz yil davomida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida oʻzbek tili rivojida yangi davr boshlangani taʼkidlangan. Shuningdek, tilning davlat tili sifatidagi oʻrni va maqomini mustahkamlash, uni zamonaviy ilm-fan, axborot texnologiyalari va xalqaro munosabatlar tiliga aylantirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Davlat rahbari til siyosatini yanada takomillashtirish, raqamli olamda oʻzbek tilidagi axborot va manbalarni koʻpaytirish, shuningdek, sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanib ona tilini rivojlantirish zarurligiga eʼtibor qaratgan.
Qayd etilishicha, bu yoʻnalishdagi faoliyat ijodkor ziyolilar, taʼlim-tarbiya, madaniyat, yoshlar, mahalla va xotin-qizlar tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari faoliyatida doimo markaziy oʻrinda boʻlishi, butun jamiyat miqyosida umummilliy harakatga aylanishi zarur.